O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishga faol nuroniylarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, mahallalarda katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan obro‘-e’tiborli uch nafar faol nuroniyni beshta kambag‘al oilaga biriktirish orqali ularni kambag‘allikdan chiqarishga ko‘maklashish hamda mahallada sog‘lom turmush tarzi va ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishga jalb etiladi.
Faol nuroniylarning asosiy vazifasi quyidagilardan iborat bo‘ladi:
a) oilalarni kambag‘allikdan chiqarish yo‘nalishida:
xonadon tomorqasidan samarali foydalanish, tomorqada yuqori daromadli ekin turlari ekilishini tashkil etish, ekinlarni parvarishlash ko‘nikmasini shakllantirish hamda yetishtirilgan mahsulotlarning realizatsiya qilinishiga ko‘maklashish;
oilani daromadli qilish uchun ko‘chma do‘kon, kichik ishlab chiqarish uskunalari va boshqa zarur texnika vositalarini bo‘lib to‘lash sharti bilan ijaraga olishga yordamlashish;
kambag‘al oila farzandlarini, ularning qiziqishlaridan kelib chiqib mahallalardagi hunarmand va ustalarga shogirdlikka biriktirish, shuningdek, ushbu oilalarning ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan farzandlarini o‘quv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlari bilan ta’minlash, ularning qo‘shimcha darslar va to‘garaklarga qatnashishini tashkil etish;
oilaning ijtimoiy shartnomadagi majburiyatlarini bajarishi ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishini tashkil etish;
b) mahallalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish yo‘nalishida: mahallada piyoda yurish madaniyatini targ‘ib qilish;
xonadonlarning sanitariya holatini yaxshilashga va tozalikni saqlashga, oila a’zolarini zararli odatlardan voz kechishga chaqirish;
keksa yoshdagi fuqarolar uchun mos keladigan sport tadbirlarini tashkil etish, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb etish, shuningdek, sport tadbirlarida qatnashish bilan bog‘liq xarajatlarni, jumladan transport xarajatlarini qoplab berishni tashkil etish;
v) har bir mahallada “Nuroniylar va ota-onalar kengashi”ni tashkil etish orqali mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitning barqarorligini ta’minlash yo‘nalishida:
oilalarda ahillik va milliy qadriyatlarni mustahkamlash, mahallalarda o‘zaro hamjihatlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini rivojlantirish;
nogironligi bo‘lgan, profilaktik hisobda turgan va kam ta’minlangan shaxslarni mahallalardagi jamoat tadbirlariga jalb qilish;
muammoli va boqimondalik kayfiyatiga tushib qolgan oilalar bilan ishlash.
Qarorga muvofiq, faol nuroniylarga kambag‘al oilalar olti oy muddatga biriktiriladi hamda “mahalla yettiligi” oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilashda nuroniylarga yaqindan yordam beradi.
Faol nuroniylar har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 foizi miqdorida rag‘batlantirib boriladi.
O‘zA