Bugun mamlakatimizda chinakam xalq harakatiga aylanib ulgurgan “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuz mavsumi doirasida atrof muhitni asrash va ko‘kalamzorlashtirish ishlari jadal davom etmoqda.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Nukus shahridagi “Teleoray” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli bo‘lgan yo‘l yoqasidagi 4 gektar tashlandiq yerga ishlov berilib, 500 dona tut ko‘chati ekildi. Shuningdek, umummilliy harakatning kuz mavsumida qoraqalpog‘istonlik bojxonachilar To‘rtko‘l tumanida 9 ming 500 tup, Qo‘ng‘irot tumanida 4 ming tup, Xo‘jayli tumanida 425 tup mevali va manzarali nihol ekib, ushbu hududlarda yashil bog‘lar barpo etishiga asos solishdi.

“Yaxshidan bog‘ qoladi” tamoyiliga asoslanib uyushqoqlik bilan amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlar atrof-muhitni asrovchi katta bog‘lar yaratilishiga xizmat qiladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri