Poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida o‘tayotgan “Prezident kubogi-2024” xalqaro musobaqasining ortda qolgan 6-turi doirasidagi Nodirbek Abdusattorov – Javohir Sindorov bahsi durang bilan yakunlandi.
Mukofot jamg‘armasi 75 ming AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning bosh sovrini uchun dunyoning ko‘zga ko‘ringan grossmeysterlari bahs olib bormoqda.
6-turda Javohir Sindorov hamda musobaqaning birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov o‘z hisoblariga yarim ochkodan yozib qo‘yishdi. Aytish lozim, ushbu ikki shaxmatchi faoliyati mobaynida 27 marotaba to‘qnash kelishgan bo‘lib, 9 tasida Nodirbek, 7 tasida Javohir ustunlikka erishgan. Qolgan 11 tasida durang qayd etilgan.
“Prezident kubogi-2024”da muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan Ortiq Nigmatov 6-turda Sindorovning ochko yo‘qotishidan unumli foydalandi. U qora donalarda turnirda beshinchi raqamda tasniflangan eronlik Amin Tabataini mag‘lubiyatga uchratdi.
Mazkur turda Muhiddin Madaminov – Shamsiddin Vohidov qarama-qarshiligidagi o‘yin ham qiziqarli kechdi. Unda Sh.Vohidov g‘alabaga erishib, ochkolarini 4,5 taga yetkazib oldi. Shuningdek, yetakchi shaxmatchilarimizdan Nodirbek Yoqubboyev rossiyalik Mixail Nikitenkodan ustun keldi. Turnirda ikkinchi raqam ostida tasniflangan eronlik Parham Magsudlu 6-turda rossiyalik Ivan Zemlyanskiyni taslim etdi.
Oltinchi tur yakunlariga ko‘ra, Ortiq Nigmatov 5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 1-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Saha Nilash (Hindiston), Javohir Sindorov, Nihal Sarin (Hindiston) va Sankalp Gupta (Hindiston) hisobida ham 5 ochko mavjud. Nodirbek Abdusattorov 4,5 ochko bilan 6-o‘rinda bormoqda.
Bugun, 27 noyabr kuni o‘tadigan 7-tur doirasida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Abximanyu Puranik bilan, Ortiq Nigmatov qora donalarda Nihal Sarin bilan, Javohir Sindorov oq donalarda Sankalp Gupta bilan, Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda Shamsiddin Vohidov bilan bellashadi.
Musobaqaning “V” guruhidagi bahslarda esa 132 nafar shaxmatchi orasida hamyurtimiz Sa’dulla Azizov 6 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Bugun “V” guruhining 7-turidagi markaziy uchrashuvlar Behruz Umarov- Sa’dulla Azizov, Irik Xamidulin – Bahora Egamberdiyeva, Behruz Qudratov- Emir Sharshenbekov o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, 9 turdan iborat “Prezident kubogi-2024”ning g‘olib va sovrindorlari 29 noyabr kuni aniqlanadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA