Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Inson xuquqlari buyicha milliy markaz, “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlashning dolzarb masalalari: joriy holat va istiqboldagi vazifalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad BMTning «Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida»gi Konvensiyasi qabul qilinganining 45 yilligini nishonlashga oid tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, shuningdek, ayollar huquqlari va gender tengligini ta’minlashning dolzarb masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining  birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori  Sodiq  Safoyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktorining o‘rinbosari Dilnoza Muratova, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Nigina Abaszade, “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot  institutining direktori,  taniqli olima Nodira Egamberdiyeva va boshqalar xotin-qizlarning manfaatlarini himoyalash masalasi keyingi yillarda O‘zbekistonda yangicha ma’no va mazmun kasb etganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda ayollar, yoshlar, bolalar manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha bir qator xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilingan. Ayni paytda bu yo‘nalishda milliy qonunchiligimiz muttasil takomillashmoqda.

Konferensiyada bu borada ilmiy soha vakillari, amaliyotchi va ekspertlarning fikrlari o‘rganilib, ayollar huquqlari va gender tengligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijalarini joriy etish va shu bilan birga, ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratish, aholi o‘rtasida gender qadriyatlarni targ‘ib qilish, tajriba almashish, ularning natijalari bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.

Gender tengligiga erishish bugungi xalqaro hamjiyat oldida turgan  barqaror rivojlanish maqsadi hisoblanadi. BMT Bosh Assambleyasining 2015 yilning sentyabrida Barqaror rivojlanish bo‘yicha o‘tkazilgan sammitida 70-rezolyutsiyasi bilan 2030 yilga qadar 17 ta maqsadga erishish bo‘yicha 169 ta maqsadli vazifa tasdiqlangan. Bevosita barqaror rivojlanish sohasidagi 5-maqsad — Gender tenglikni ta’minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga erishishdan iborat.

– Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida Konvensiya (CEDAW) 1979 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan xalqaro shartnoma hisoblanadi, – dedi “Oila va gender” ilmiy tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyeva. – Bu yil mazkur hujjat qabul qilinganiga 45 yil to‘ladi. Ushbu hujjat ayollar huquqlarini ta’minlashda katta ahamiyatga ega. Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi barcha jihatlar milliy qonunchiligimiz, yangilangan Konstitutsiyamizda ham o‘zining yorqin ifodasini topgan. Bugun O‘zbekiston ayollari mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy o‘zgarishlarning markazida bo‘lishi bilan birga, islohotlarda faol ishtirok etayotgani ham diqqatga sazovor.

– O‘zbekistonda ayollar uchun keng imkoniyatlar yaratish, gender zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha muayyan yutuqlarga erishildi, – dedi BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Nigina Abaszade. – Ijtimoiy himoya milliy agentligi kabi tuzilmalar majmuaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratib bunda hal etuvchi rol o‘ynamoqda. “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” aksiyasi odamlarning xabardorligini oshirish bilan birga, qat’iy chora-tadbirlarni amalga oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalqaro konferensiyada e’tirof etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. 2030 yilgacha Gender tengligiga erishish bo‘yicha strategiya qabul qilindi, mazkur yo‘nalishga oid qonunlar orqali huquqiy asos mustahkamlandi. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi va Gender komissiyasi kabi muhim institutlar faoliyat yuritmoqda.

Konferensiyada aytilganidek, jamiyatda gender stereotiplari hanuzgacha keng tarqalgan bo‘lib, ularni bartaraf etish uchun hamkorlikdagi targ‘ibot tadbirlarining o‘rni muhim. Tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish borasidagi ishlarni kuchaytirish zarur. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashda yanada tizimli yondashuv talab etiladi. Ta’lim va targ‘ibot ishlarini kuchaytirish orqali gender tengligi mavzusini maktab va oliy o‘quv yurtlari dasturlariga kiritish, jamoatchilikni xabardor qilish zarur. Gender stereotiplari va ijtimoiy normalarni o‘zgartirish maqsadida ijodiy mahsulotlar  va ommaviy axborot vositalari orqali gender tengligini targ‘ib qilish muhim ahamiyatga ega.

Ekspertlar tomonidan ta’kidlanganidek, gender monitoringi va statistikasini takomillashtirish orqali gender masalalari bo‘yicha aniq ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish tizimini rivojlantirish kerak. Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish yo‘lida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng ish haqi, mehnat shartlari va tadbirkorlik imkoniyatlarini ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan.

Xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali gender tengligi sohasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan tajriba almashish va birgalikdagi loyihalarni amalga oshirish maqsad qilib qo‘yilgan. Ushbu masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan konferensiyada davlat organlari vakillari, xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Konferensiya davomida gender tengligini ta’minlash bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqildi va kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Nazokat Usmonova,  

Oybek Pardayev (surat),  

O‘zA