FOTOREPORTAJ

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida “Vatan kelajagi – yoshlar qo‘lida” loyihasi doirasida “Konstitutsiya bilimdoni” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish an’ana tusini olgan.

Joriy yilgi tanlovning quyi bosqichlarida respublikadagi barcha umumta’lim maktablarining 11-sinf o‘g‘il-qizlari, kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari tasarrufidagi akademik litseylarning 2-bosqich o‘quvchilari o‘zaro bahs olib bordi.  10 nafar ishtirokchi tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida bellashish imkonini qo‘lga kiritdi.

Mazkur bosqichda ishtirokchilarning bilimi tanishtiruv, savol-javob va erkin mavzu shartlari bo‘yicha baholandi. Ular o‘z chiqishlarida mamlakatimiz Konstitutsiyasini qanchalik bilishi va qonunlarimizdan xabardorligi, qolaversa sahna va notiqlik madaniyati borasidagi mahoratini namoyish etdi.

Eng faol va bilimdon ishtirokchi sifatida o‘zini ko‘rsata olgan Nukus shahar 1-kasb-hunar maktabi o‘quvchisi Dinmuhammad Yerjanov tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA