Kechagi o‘yinlar xabar berganimizdek juda qizg‘in kurashlar ostida kechdi. Ularning birinchisida skandinaviyaliklar g‘alaba qozongan bo‘lsa, keyingi bellashuvda uch sherlar zafar quchdi.
Shvetsiya termasi ustozi Yan Andersson o‘z jamoasini yaxshi shakllantirgani ularning ko‘rsatayotgan natijalaridan ko‘rinib turibdi. Yan jamoasining Germaniya bilan bir guruhda o‘ynab nimchorak finalga chiqishi va bu safar chorak finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritishi tasodif emas, albatta. Bundan tashqari shvedlar pley-offda Gollandiya va Italiya termalarini ham mag‘lub etganidan xabaringiz bor. Kegi o‘yinning birinchi bo‘limda ikkala termaning ham hujumlari besamar yakunlanaverdi. Bu himoyadagi ehtiyotkorlikdan dalolat edi. Ikkinchi bo‘limning 66-daqiqasida Emil Forsbergning kiritgan goli Shvetsiyani chorak finalga olib chiqdi. Endi ular keyingi bosqichda inglizlar bilan kuch sinashadi.
Kunning ikkinchi bahsi Angliya hamda Kolumbiya o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Jamoalar birinchi bo‘limda ehtiyotkorlik bilan harakat qilishdi. Ammo inglizlarning hujumlari xavfliroq chiqdi. Termalar tanaffusga 0-0 hisobida chiqib ketishdi. Ikkinchi bo‘limda inglizlar katta kuch bilan oldinga tashlanishdi. Jarima maydonchasi ichida Harri Keynga nisbatan qo‘pollik ishlatildi. Uni Keynning o‘zi aniq amalga oshirdi. O‘yinga qo‘shib berilgan 3-daqiqada katta sahnaga yana Yerri Mina chiqdi. Ketma-ket uchinchi uchrashuvdir-ki, u jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qolyapti. Jamoalar qo‘shimcha bo‘limlarga murojaat qilishdi va unda ham hisob o‘zgarmay qoldi. Penaltilar seriyasida esa omad Sautgeyt shogirdlariga kulib boqdi.
Oxirgi chorak finalchilar:
Shvetsiya – Angliya
“Samara arena”, Samara
7 iyul, 20:00