AOKAda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda qayd etilishicha, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida bugungi kunda 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi hamda 182 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internati faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

2024-2025-o‘quv yili uchun Agentlik tizimidagi maktablarga o‘quvchilar hujjatlarini qabul qilish hamda kirish imtihonlarini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi tegishli bayoni tasdiqlandi.

O‘quvchilarning hujjatlarini onlayn shaklda qabul qilish, shuningdek, o‘quvchilar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga javob berish uchun Agentlik tizimidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab hamda hududlardagi barcha Prezident maktablarida har kuni soat 9:00 dan 19:00 gacha ishlaydigan Murojaatlar markazi (call-center) faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Fuqarolar Murojaatlar markazi bilan “1206” qisqa raqami orqali bog‘lanishi mumkin.

Shuningdek, maktablarga hujjatlar qabuli joriy yilning 1-20 iyun kunlari hamda kirish imtihonlari iyul oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Prezident maktablarining 5-sinfiga belgilangan yillik qabul kvotasi doirasida 336  nafar, ijod maktablarining 7-sinfiga 400 nafar hamda ixtisoslashtirilgan maktablarning 5-sinfi (aniq fanlar yo‘nalishi)ga va 7-sinfi (tabiiy fanlar yo‘nalishi)ga 7 ming 960 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.

Hujjat topshirish jarayonida ularga ixtiyoriy ravishda o‘z hududidagi ixtisoslashtirilgan maktablardan birini qo‘shimcha tanlash imkoniyati beriladi. Bunda, Prezident maktabi kirish imtihonining 2-bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘qishga kira olmagan o‘quvchilar hududdagi o‘zi tanlagan ixtisoslashtirilgan maktabga belgilangan kvota doirasida, to‘plagan ballari ketma-ketligi bo‘yicha imtihonsiz qabul qilinadi.

Shuningdek, ro‘yxati Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro, mintaqaviy yoki asosiy fan olimpiadalarining uchinchi (viloyat) bosqichi yoki unga tenglashtirilgan bosqichida matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya fanlaridan g‘olib va sovrindor bo‘lib, 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari o‘zi ta’lim oladigan hududdagi ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul kvotasi doirasida kirish imtihonisiz qabul qilinadi.

4-sinfni tamomlagan o‘quvchilar bir vaqtning o‘zida hududidagi Prezident maktabi, ixtisoslashtirilgan maktab va Toshkent shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 5-sinfiga, 6-sinfni tamomlagan o‘quvchilar hududidagi ixtisoslashtirilgan maktab yoki maktab-internatining tabiiy fanlar yo‘nalishiga, Mirzo Ulug‘bek nomidagi yoki Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 7-sinfiga ham alohida hujjat topshirishi mumkin.

Joriy o‘quv yilida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Samarqand viloyatlarida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning filiallari tashkil etildi. Ushbu maktablarga 2024-2025-o‘quv yili uchun faqat shu hududda istiqomat qiluvchi talabgorlarning hujjatlari qabul qilinadi. Bu kabi maktablar kelgusi yillarda bosqichma-bosqich barcha hududlarda tashkil etilishi rejalashtirilgan.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA