Toshkentda mojaroli hududlardan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalasi bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘z olgan Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov davlatimiz rahbari tomonidan 2022 yil ilgari surilgan mintaqaviy ekspertlar kengashini tuzish to‘g‘risidagi tashabbusning ahamiyatini alohida ta’kidladi.

SMTI vakili qayd etganidek, terrorizmga qarshi kurash bugungi kunda xalqaro hamjamiyat oldidagi ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Bunday sharoitda chegara, millat va din tanlamaydigan ushbu xavfli illatga qarshi kurashishning samarali usullarini birgalikda topish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

– Tadbir ishtirokchilarining tarkibi, aslida, terrorga qarshi kurashning umumiy tamoyili va usullari bo‘yicha mintaqaviy konsensusni ifodalaydi, – dedi E.Aripov. – Kengash faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali biz umumiy sa’y-harakatlarimiz samaradorligini oshirishga qaratilgan mintaqaviy hamkorlik institutsionallashuviga ilk bor guvoh bo‘lmoqdamiz.

Kengash BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi va Xavfsizlik Kengashi aksilterror qo‘mitasi Ijroiya direksiyasining barcha tavsiyalariga amal qiladi.

Tuzilma ishi jinoiy javobgarlikka tortish, psixologik-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va reintegratsiya, diniy deradikalizatsiya, jamiyat va fuqarolik jamiyatini jalb qilish unsurlarini jamlagan kompleks yondashuvga asoslanadi.

Ekspert ishonch bilan qayd etganidek, ko‘p tomonlama hamkorlikka tayanilgan holdagina, davlatlarning umumiy va kompleks yondashuvi samarali natija berishi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shunday degan edi:

– O‘zbekistonda bu yo‘nalishda preventiv va profilaktika choralarini qo‘llagan holda amalga oshirilayotgan siyosat kompleks, inklyuziv va izchil yondashuvga asoslangan. Bu jarayonda nafaqat davlat idoralari, balki fuqarolik jamiyati institutlari ham faol ishtirok etmoqda. Ayni yondashuv Markaziy Osiyoning barcha davlatlariga xos ekani quvonarli.

SMTI rahbari qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston 2019 yildan buyon o‘tkazilgan beshta “Mehr” operatsiyasi davomida Suriya, Iroq va Afg‘onistondan jami 530 dan ziyod fuqaroni vatanga qaytargan. UNISEF, BMT TD, Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan maslahatlashuv natijaciga ko‘ra, ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy dasturlardan foydalanish imkoniyatini o‘z ichiga olgan kompleks, maqsadli reabilitatsiya dasturi ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, repatriantlarning jamiyatga to‘laqonli integratsiyalashuvi, oilaga, mahallaga qayta qo‘shilishi uchun zarur shart-sharoit yaratish yuzasidan keng qamrovli ishlar qilindi.

Bu sa’y-harakatlar samarasi BMT Inson huquqlari kengashining 47-sessiyasi (2021 yil iyul, Jeneva)da O‘zbekistonning repatriatsiya tajribasi oilaviy qadriyat va jamiyatdagi yaqin ijtimoiy munosabatga asoslangan o‘ziga xos yondashuv sifatida yuqori baholanishida ham namoyon bo‘ldi.

– BMT terrorizmga qarshi kurashda inson huquqini himoya qilish bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionulla Ni Aolayn xonimning bayonoti shundan dalolat beradi, – dedi ekspert. – Uning so‘zlariga ko‘ra, “samarador, insonparvar, huquqqa rioya qilingan holda” amalga oshirilayotgan O‘zbekiston modeli reintegratsiyaning ilg‘or tajribasi namunasi sifatida oila birligini, jamiyat jipsligini, bolalar va ayollar manfaatini siyosiy, huquqiy va ijtimoiy faoliyat asosiga aylantirgan.

G‘.Xonnazarov tayyorladi.

O‘zA