O‘zbekiston nufuzi dunyo hamjamiyatida tobora yuksalib bormoqda. Bu so‘nggi yillarda ro‘y berayotgan ulkan siyosiy, iqtisodiy va manaviyat sohasidagi islohotlar tufaylidir. Jumladan, jurnalistik tashkilotlar chet ellik hamkasblari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini ham o‘rnatishyapti.

O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi tashabbusi bilan bir qator jurnalistlar shu kunlarda Misr Arab Respublikasida ijodiy safarda bo‘lib turibdi. Tashrif doirasidagi uchrashuvda ular Misr jurnalistlari assotsiatsiyasi bilan o‘zaro axborot va tajriba almashuv yuzasidan muzokaralar olib bordi.

– Misrda ayni chog‘da 600 dan ziyod bosma nashrlar, 101 ta telekanal, 200 ga yaqin internet saytlari faoliyat yuritmoqda va ularda 11 mingdan ortiq jurnalist maqomi berilgan ijodkorlar ishlashmoqda, – dedi Misr jurnalistlari assotsiatsiyasi raisi Xolid Balashi. – Birinchi bor O‘zbekistondan jurnalistlarning bunday katta delegatsiyasi tashrif buyurdi. Biz ham hamkorlikka tayyormiz. Zero Misr xalqi O‘zbekiston buyuk ajdodlar yurti va tarixiy obidalar markazlaridan biri ekanini yaxshi biladi.

Uchrashuv chog‘ida Misr jurnalistlari assotsiatsiyasi va O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi o‘rtasida 6 banddan iborat hamkorlik shartnomasi imzolandi. Unga ko‘ra ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari o‘zaro axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yadilar. Tomonlar har yili 3 nafardan jurnalistni Qohira hamda Farg‘onaga yuboradilar. Hamkorlikda jurnalistlar forumi va konferensiyalar o‘tkazishadi. Shu yilning o‘zida Misr jurnalistlari malaka oshirish markazida 2 nafar farg‘onalik ijodkor o‘quv amaliyotlari o‘tashi mumkin. – Endi bizda buyuk olim Ahmad al-Farg‘oniy yurtiga borish va u yerdagi o‘zgarishlar haqida maqolalar va kitoblar yozish imkoni bo‘ladi, – dedi Xolid Balashi.

Shu kuniyoq hamkorlikning amaliy natijalaridan biri sifatida O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi Muhammadjon Obidovning “Al Farg‘oniy yurti haqida va misrliklar nega uni e’zozlaydi?” sarlavhali maqolasi bir necha million o‘quvchisi bo‘lgan 3 ta yirik internet saytlari: “Al Diplomacy”, “Al Watan al Misriy” va “Minbar al tahrir”larda e’lon qilindi.

Muhammadjon Obidov, O‘zA