“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida qishloq xo‘jaligida hosildorlik va rentabellik darajasini keskin oshirish bo‘yicha bir qator samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish belgilab berildi.

Jumladan, 2030-yilgacha, hosildorlik ko‘rsatkichlarini paxta bo‘yicha o‘rtacha 45-50 sentnerga, g‘alla bo‘yicha 80-85 sentnerga, mahalliy sabzavot, poliz, kartoshka urug‘lik ta’minotini 50 foizga, eksport hajmini yiliga 10 milliard dollarga yetkazish hamda sohaga 15 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilish, bir gektardan olinadigan o‘rtacha daromadni 5 ming dollarga yetkazish kabi muhim ko‘rsatkichlar belgilangan.

Mazkur ustuvor vazifalar va samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishishda agrar sohani zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlash o‘ta dolzarb masala hisoblanadi.

Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan “Qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnikalarni qo‘llashning afzalliklari va samaradorligi” mavzusidagi seminarda shu haqda gap bordi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda senatorlar, tegishli vazirliklar va idoralar mutasaddilari, ekspertlar, fermerlar, olimlar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligida ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirish, innovatsion texnologiyalar, ilm-fan yutuqlarini keng joriy etish, agrar sohada zamonaviy texnikalarni qo‘llash borasida muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasiga katta e’tibor berilayotgir. Natijada sohada bir qator yutuqlarga erishildi. Qishloq xo‘jaligi texniklari ishlab chiqarishning yangi mexanizmi – klaster tizimi yo‘lga qo‘yilib, ularning faoliyati qo‘llab-quvvatlandi va ularda “amaliyot-ilm-innovatsiya” tizimi uyg‘unlashdi. Ayni paytda mahalliylashtirish darajasi qishloq xo‘jaligi mashinalarida o‘rtacha 60 foiz, g‘alla o‘rish kombaynlarida 30 foiz, traktorlarda 25 foizga yetkazilgan.

Sohada lizing tizimining raqobat asosida faoliyat yuritishga imkoniyat yaratildi. Lizing kompaniyalarini mahsulot yetishtiruvchilarga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatuvchi tizim sifatida faoliyati qo‘llab-quvvatlandi. Bunda “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati transformatsiya qilindi. Eng asosiysi, dehqon va fermerlar uchun moliyaviy yengilliklar yaratildi.

Shu bilan birga, seminarda agrar sohani zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashdagi ayrim muammolar ham muhokama qilindi. Xususan, qishloq xo‘jaligi texnikalarining ma’nan eskirgani, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi qoniqarsiz ekaniga e’tibor qaratildi. Qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni joriy qilishdagi mavjud muammolarni tahlil qilish orqali ilmiy asoslangan xulosalarga tayangan holda uni rivojlantirish istiqbollarini belgilash bo‘yicha yaxlit tizim yaratish yuzasidan fikr almashildi.

Sohada ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqish orqali qishloq xo‘jaligi mashinasozlik korxonalarida mahalliylashtirish darajasini oshirish zarur.

Ilg‘or xalqaro tajribalar asosida qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish va yetkazib berishni moliyalashtirishning yangi mexanizmlarining joriy etilishi tadbirkorlarni barqaror daromad bilan ta’minlashga imkon beradi.

 

N.Abduraimova, O‘zA