Hayotimiz turli-tuman hodisalarga boy. Inson ushbu hodisalarning ishtirokchisidir. Inson o‘z harakati bilan dunyoni obod qilishi yoki uni vayron qilishi ham mumkin. Jamiyatga foydasi teguvchi odamlar hamisha hurmatga loyiq bo‘lib, boshqalarga ibratdir. Biroq illatli odamlar ham borki, ular har bir davrda jamiyatga zarar keltirgan va qoralangan.

Biz “illatli kishi” deganda o‘g‘ri, kazzob, muttaham, yulg‘ich, poraxo‘r kabi insoniyatga kulfat keltiruvchi kishilarni tushunamiz. Ana shunday kishilar sirasiga ikkiyuzlamachi, qiyofasizlar ham kiradi. Odatda ikkiyuzlamachi, qiyofasizlar odamlarning e’tiboridan chetda qoladilar, ularning borligiga ahamiyat qilinmaydi. Ammo ulardan bo‘ladigan zarar ko‘lami juda katta bo‘lib, butun bir millatni parokanda qilishi mumkin.

Afsuski, bu illat bugun chuqur ildiz otdi. Hozirda ikkiyuzlamachilik, qiyofasizlik ko‘pchilik insonlarda kuzatilmoqda. Nafaqat avom odamlar, balki ilmlilar orasida ham bu illatga mubtalo bo‘lganlar topiladi.

Xo‘sh, qiyofasizlik qayerdan paydo bo‘ladi? Bunga qanday vositalar sabab bo‘lmoqda? Nega bugun bir-birimizdan ko‘zimizni olib qochadigan bo‘ldik?! Yolg‘onchilar ko‘payib ketdimi?

“Shaxsiy mulohaza” loyihasining bu galgi mehmoni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, dilbar shoira Farida Afro‘z (Bo‘tayeva).

Suhbatimiz davomida o‘zbek millatining ildiziga chang solayotgan illat “qiyofasizlik” va oqibatlari haqida fikr almashdik.

M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA