Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasiman!” shiori ostida tashkil etilgan “Ibratli harbiy oila” ko‘rik-tanlovining Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tanlovning o‘tkazilishi harbiy oilalarda milliy madaniyat, urf-odat va qadriyatlarni asrash, oila farovonligini ta’minlash, o‘zlari tug‘ilib o‘sgan joylaridan olisda yashab kelayotgan oilalarni birlashtirishga xizmat qilishi bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi.

Vatanimizni qo‘riqlashdek mas’uliyatli vazifani sharaf bilan ado etib kelayotgan yurt himoyachilari oilalarining mustahkamligini ta’minlash, harbiy oilalarda sog‘lom muhitni qaror toptirish, ular o‘rtasida milliy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimizni keng targ‘ib etish, olis garnizonlarda yashashi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda ijtimoiy himoyasini ta’minlash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qiziqarli va fayzli o‘tgan tanlov kasbiy bilimlar va yutuqlarga, ijodiy salohiyatga, yuksak intellektual qobiliyatlar va axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan, eng asosiysi, Vatan himoyasida ko‘ksini qalqon qilib turgan mard va jasur insonlardan eng namunali harbiy oilalarni aniqlash imkonini berdi. Nukus va Urganch garnizonlaridan jami to‘rt nafar harbiy xizmatchining oilalari “Osh chempionati”, “Oilam – mening baxtim”, “Biz epchil, biz chaqqon”, “Musiqiy kompozitsiya”, “Mozaika yig‘ish” va “Kuch birlikda” shartlarida sog‘lom raqobat muhiti ostida bellashib, chin ma’noda ibratli oilalar ekanligini namoyish etdi.

Ko‘rik-tanlov “Osh chempionati”dan boshlanib, milliy taomimiz to‘rt qozonda xorazmcha, samarqandcha, andijoncha va namangancha usulda tayyorlandi. Tabiat qo‘ynida o‘tkazilgan bu shartda oilalarning birdamligi, pazandalik mahorati, bir-biriga ko‘makdosh bo‘lib harakat qilgani, milliy taomni tayyorlashda o‘zgacha usullari hay’at a’zolarida katta taassurot qoldirdi.

“Oilam – mening baxtim” deb nomlangan shartda harbiy oilalar milliy raqs, qo‘shiq, she’r, xalq o‘yinlari orqali har tomonlama sog‘lom, namunali harbiy oilaning jihatlarini hamda erishgan yutuqlarini namoyish etdi. Oilalar har bir shartga o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining milliy urf-odatlari va an’analari, kuy va qo‘shiqlari uyg‘unligida tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lib, shu orqali uzoq asrlardan buyon saqlanib kelinayotgan qadriyatlarimizga yuksak ehtiromini ko‘rsatdi. “Biz epchil, biz chaqqon” ,“Musiqiy kompozitsiya”, “Mozaika yig‘ish” va “Kuch birlikda” deb nomlangan shartlarda jamoaning har bir a’zosi berilgan vaqt oralig‘ida qo‘yilgan topshiriqlarni bajarishga harakat qilib, hamjihatlikda harakatlarning amaliy ifodasini namoyon etdi.

Hay’at a’zolarining adolatli va shaffof baholash tizimi orqali Dilshod Saidahmedov va Shahnoza Bolbekova oilasi shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Endilikda Dilshod Saidahmedov 15-may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlovning Mudofaa vazirligi bosqichida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug sharafini himoya qiladi.

G‘olib va sovrindorlar harbiy okrug qo‘mondonligining faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.