Adliya vazirligining davlat xizmatlari markazlarida joriy yilning birinchi choragida qanday ishlar amalga oshirildi? Bu savolga vazirlik axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva javob berdi:

– Davlat xizmatlari markazlarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar qatoriga yana 21 ta yangi xizmat turi qo‘shildi. Xizmatlar soni jami 356 taga yetkazildi. Yil oxiriga qadar ularning sonini 400 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Markazlarda 55 turdagi xizmatlar bepul ko‘rsatiladi. «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga 50 foiz chegirma qo‘llaniladi.

Markazlar orqali 7,9 million davlat xizmati ko‘rsatildi. Shundan 5,6 millionga yaqini markazlar orqali, 2,3 milliondan ortig‘i onlayn tarzda ko‘rsatildi. O‘rtacha xizmat ko‘rsatish vaqti 1 daqiqadan 10 daqiqagacha, o‘rtacha kutish vaqti 20 daqiqani tashkil etmoqda.

Eng ko‘p ko‘rsatilgan 29 xizmat (9 milliondan ortiq) «3 qadam» tamoyili asosida soddalashtirilib, so‘raladigan ma’lumotlar 225 tadan 99 taga, ariza yuborish uchun sarflanadigan vaqt 76 daqiqadan 22 daqiqaga qisqartirildi. Joriy yil davomida barcha xizmatlarni «3 qadam» tamoyili asosida soddalashtirish rejalashtirilgan. 48 ta davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlari soddalashtirildi. Yana yuzta davlat xizmatini ko‘rsatish jarayonlari soddalashtiriladi.

Ikki turdagi proaktiv va 11 turdagi kompozit xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi. Masalan, 2023-yilda 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar va odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalarga to‘lanadigan nafaqalarni hamda parvarishlash nafaqasini fuqarolardan qo‘shimcha hujjatlarni talab etmagan holda «proaktiv shakl»da tayinlash tizimi joriy etildi.

Sohaga oid 35 normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi. 46 davlat xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglament qabul qilindi. 37 davlat xizmatini ko‘rsatish jarayonlari tizimlashtirildi va hukumatning ikkita qarori bilan tartibga solinishi yo‘lga qo‘yildi.

2023-yil 1-oktyabrdan davlat xizmatlari markazlari tomonidan fuqaroning manziliga borib xizmat ko‘rsatish tartibi yo‘lga qo‘yildi. 1,4 milliondan ortiq fuqaro «Mobil-ID» tizimida ro‘yxatdan o‘tdi va 2023-yilda ushbu tizim orqali yuz mingga yaqin xizmatlardan foydalanildi.

Respublika bo‘yicha 11 ta zamonaviy markaz binolari qurilib, jami soni 189 taga yetkazildi. (78 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida). 2024-yilda yangi binolarni qurish ishlarini to‘liq yakunlash rejalashtirilgan.

2023-yilda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat markazlarida xizmatlarni «oson», «o‘rta» va «murakkab» toifalarga ajratgan holda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. 2024-yilda 40 ta markazda ixtisoslashtirish joriy etiladi.

Chilonzor tumani davlat xizmatlari markazi binosida «Navbatsiz xizmat maskani» tashkil etildi. 14 ta markaz zamonaviy infokiosklar bilan ta’minlanib, «raqamli xizmat nuqtalari» tashkil etildi.

Namangan shahar davlat xizmatlari markazi binosida hamda Uychi tumani «Qumtepa» mahalla fuqarolar yig‘ini binosida sinov tariqasida xizmatlardan sodda usulda foydalanish imkonini beruvchi infokiosklar o‘rnatildi. Ushbu turdagi infokiosklarni bosqichma-bosqich boshqa mahallalarda ham o‘rnatish rejalashtirilgan.

 

N.Abduraimova, O‘zA