Janubiy Koreya safari davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Seul markaziy masjidida mazkur shaharda ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan samimiy suhbat qurdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muftiy hazratlari musofirlikda yurgan hamyurtlarimizning sa’y-harakatlariga Haq taoloning O‘zi madadkor bo‘lishi, ota-ona, ahli oila nafaqasi yo‘lidagi mehnatlari ayni savobli amal ekani va o‘zga yurtda doimo ogoh bo‘lib yashash zarurligini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, haqiqiy mo‘min kishi ona Vataniga muhabbatli bo‘lishi va uni sog‘inib yashashi to‘g‘risida Islom manbalarida kelgan ma’lumotlarni yetkazdi.

O‘z navbatida Janubiy Koreyada bo‘lgan vatandoshlarimiz ushbu uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, fayzli suhbat Vatanni sog‘ingan qalblarga taskin bo‘lgani, ayniqsa, kelgusida ilm o‘rganib, tajriba hosil qilgach, albatta, yurtga qaytib, ona Vatan taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilishlarini bildirdi.

Manfaatli uchrashuv so‘ngida Muftiy hazratlari Haq taolodan butun dunyo tinchligi, xalqlar farovonligi, vatandoshlarimizning kasb-hunar va ilm egallash yo‘lidagi intilishlariga qut-baraka so‘rab duo qildi.

O‘zA