Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev ushbu tashkilot tomonidan joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, tegishli tashkilot bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 2 ming 629 ta iste’molchi tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan. Xususan, 111,4 million metr kub tabiiy gaz (167 mlrd. 100 mln. so‘m) va

111,2 million kilovatt-soat elektr energiyasidan (166 mlrd. 700 mln. so‘m) noqonuniy foydalanilishi natijasida davlat manfaatiga jami 333 milliard 800 million so‘m zarar yetkazilgan.

– Shuningdek, kripto aktiv va mayning faoliyati bo‘yicha 63 holatda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan. Ushbu aniqlangan holatlar yuzasidan elektr ta’minoti korxonasi tomonidan jami 83 milliard 86 million so‘m (21 mln. 319 ming kilovatt-soat) miqdori qayta hisob-kitob qilindi. Iste’molchilarning energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 1 ming 832 ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi. Ularning 989 tasi elektr energiyasi va 843 tasi esa tabiiy gazga doirdir. Shuningdek, inspeksiyaning nazorat-kimyo laboratoriyalari tomonidan neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlarida 562 ta AYOQSH va korxonadan 819 ta tahlillar olinib, shundan 44 ta holatda 1 million 617 ming litr neft mahsuloti sifatsizligi aniqlandi va sotuvga chiqarilishining oldi olindi. O‘z navbatida, tashkilotimiz iste’molchilarga Davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha umumiy quvvati 572,7 MVt bo‘lgan jami 2 ming 411 ta obyektning elektr ta’minoti loyihalarini ekspertizadan o‘tkazdi. Unga ko‘ra, 1 ming 440 iste’molchining elektr qurilmalari elektr tarmoqlariga ulandi, –dedi N.Norboboyev.

Tadbirda muhofaza zonalarida noqonuniy qurilgan obyektlar bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar ham aytib o‘tildi. Unga asosan elektr tarmoqlarining muhofaza zonalariga noqonuniy ravishda qurilgan 9 ming 544 ta obyekt xatlovdan o‘tkazilib, 8 ming 266 ta obyekt bo‘yicha dalolatnomalar rasmiylashtirilgan. Shundan 1 ming 530 ta obyektning hujjatlari sud organlariga taqdim etilgan. 402 ta obyektga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.

Qayd etilishicha, energoauditorlar tomonidan yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchilarini energetika tekshiruvidan o‘tkazish bo‘yicha ishlab chiqilgan 41 ta dastur ko‘rib chiqilib, shundan 17 tasining kamchiliklari ko‘rsatilgan holda qaytarilgan. Shuningdek, korxonalarda energoaudit tekshiruvi o‘tkazilishini jadallashtirish yuzasidan 375 ta korxonaga ko‘rsatmalar berilgan.

Brifingda aytib o‘tilganidek, murojaatlar bilan ishlash ham tizimli olib borilmoqda. Xususan, jismoniy va yuridik shaxslardan 489 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 38 tasi ijobiy hal qilingani, 412 tasiga tushuntirish berilgani va 39 tasi o‘rganish jarayonida ekani bildirildi.

 

N. Ziyodullayeva, O‘zA