O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, 2025-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasida Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi.

Lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlar va bukmekerlikni tashkil etish Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshiriladi.

Istiqbolli loyihalar milliy ayentligi lotereya hamda internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini tartibga solish va litsenziyalash bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.

Qarorga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda xayriya jamg‘armalari va tashkilotlari faqat tuziladigan shartnomalarga asosan lotereya tashkilotchilari orqali lotereyalar o‘tkazishga haqli.

Litsenziyalar asosida tashkillashtirilgan lotereya, internet tarmog‘idagi o‘yinlar va bukmekerlik garovlarida faqat 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi rezidenti va norezidentlari qatnashishi mumkin.

Lotereya va internet tarmog‘ida o‘yinlar, bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etishini monitoring va nazorat qilish funksiyalari Agentlik va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zA