FOTOREPORTAJ

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning aprel-may oylarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalari pedagoglari malaka (test) sinovlaridan o‘tkaziladi.

Joriy yilning 1-yanvaridan boshlab, tizim o‘qituvchilariga toifa berish jarayoni bevosita Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda. Bunda pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish uchun vazirlik tomonidan yangi tizim yaratilib, malaka toifasini berish amaliyotining takomillashtirilgan, inson omilisiz o‘tkaziladigan yangi tizimi joriy etildi.

2023-yil 5-7-dekabr kunlari o‘qituvchilar bilim darajasi past bo‘lgan 20 ta tuman (shahar)da faoliyat olib borayotgan pedagoglar ishtirokida malaka toifalari berishning mazkur yangi tizimi tajriba-sinovdan o‘tkazildi. Unda 4123 nafar pedagog ishtirok etdi.

Aprel-may oylariga belgilangan sinov jarayonlari ham amaliyotga joriy etilgan yangi tizim asosida o‘tkaziladi.

Ikki bosqichda tashkil etiladigan mazkur malaka toifasini olish sinovlari mamlakatimiz miqyosida bugun, 15-aprel kunidan boshlandi hamda may oyining yakuniga qadar davom etadi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyati ta’lim muassasalari pedagoglari ishtirokidagi attestatsiya sinovlari poytaxtimizdagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazida tashkil etildi.

Birinchi bosqichda pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi baholanadi. Ikkinchi bosqichda ishtirokchining pedagogik mahorati sinovdan o‘tkaziladi.

Har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) o‘tkazilmoqda. Buning natijasida tashqi aralashuvning oldi olinib, inson omili aralashuviga barham beriladi.

Ta’kidlash joiz, vazirlik tomonidan attestatsiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va pedagoglarga malaka toifasini berishning yangi tartibi – pedkadr.uzedu.uz elektron platformasi ishlab chiqilgan.

Attestatsiyada ishtirok etish uchun 243 ming nafardan ortiq pedagog onlayn ariza topshirgan bo‘lib, ularning 202 ming nafardan ziyodi attestatsiyada ishtirok etishi kutilmoqda.

Baholash natijalari QR-kod qo‘yilgan elektron shakldagi pedagoglarning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.

Attestatsiya natijasiga ko‘ra, pedagog kadrlarning oylik ish haqiga kiritiladigan o‘zgarishlar avtomatik tarzda hisoblab chiqarilishi uchun UzASBO yoki boshqa moliyaviy hisob-kitob dasturlariga yuboriladi.

Qayd etish kerak, bugungi kunda umumta’lim maktablarida jami 525 ming 737 nafar pedagog faoliyat yuritmoqda. Ularning 53 ming 914 nafari oliy, 101 ming 751 nafari birinchi, 126 ming 759 nafari ikkinchi malaka toifali, 177  ming 122 nafari mutaxassis lavozimiga ega. 66 ming 191 nafari esa toifasiz, ya’ni o‘rta-maxsus ma’lumotli kadrlardan iborat.

Oxirgi besh yillikda malaka toifalari dinamikasida yuqori toifali o‘qituvchilar soni ortib, quyi toifali o‘qituvchilar soni kamayib bormoqda.

Ta’lim sifatini oshirishda o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, bilimi va tajribasi yuqori bo‘lgan o‘qituvchilar muhim o‘rin egallaydi. Yangi attestatsiya tizimi aynan ana shunday malakali o‘qituvchilar sonining ortishi va buning natijasi o‘laroq, mamlakatimizda ta’lim rivojiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

 

Kamola YUSUPOVA,

Muhammad AMIN (surat), O‘zA