2023-yil yakunlariga asosan xizmatlar sohasidagi o‘sish 6,8 foizni, sohaning YAIMdagi ulushi 43,4 foizni tashkil etgan.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining tahliliga ko‘ra, «Elektron hukumat» tizimi takomillashtirilib, umumiy elektron davlat xizmatlari soni 592 taga yetkazilgan. Xizmatlar sohasidagi kichik tadbirkorlik subyektlari soni 2,5 barobar ko‘paygan.

Sohaga xususiy sektorning faol jalb qilinishi moliyaviy xizmatlarning 7,1 marotaba oshishiga olib keldi. Xususiy va xorijiy banklarning sohaga jalb qilinishi ularning raqobatbardoshligini oshirdi.

Shuningdek, axborot va aloqa sohasidagi xizmatlar 3,9 marotabaga, ta’lim sohasidagi xizmatlar 4,6 marotabaga oshgani kuzatilgan.

Davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 1 328 taga, oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 21 941 taga, nodavlat umumta’lim muassasalari soni 194 taga, nodavlat oliy ta’lim muassasalari soni 194 taga, xorijiy oliy ta’lim muassasalari soni 28 taga yetdi.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar 5 marotaba oshib, hozirgi kunda 8200 ta xususiy tibbiyot muassasasi faoliyat yuritmoqda. 2017-yil oxirida bunday muassasalar 4 mingta edi.

«O‘zbekiston-2030» strategiyasida ushbu soha ravnaqi yo‘lida bir qator maqsadlar belgilab olingan. Unga ko‘ra, hududlarda xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini rivojlantirish orqali xizmat ko‘rsatish hajmini 3 baravarga oshirish, shaharsozlik loyihalari asosida zarur infratuzilmasi mavjud va aholi gavjum bo‘lgan ko‘chalarning 233 mingta bo‘sh yer maydonlarini auksion savdolariga chiqarish orqali savdo, maishiy, sayilgoh va ko‘ngilochar xizmatlarni rivojlantirish kabi qator vazifalar ko‘zda tutilgan.

N. Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA