Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotining “Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotida ayollarning roli: raqamli, ijtimoiy va ekologik innovatsiyalarni ilgari surish uchun yetakchilik” mavzusidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Anjumanda Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlarining a’zolari, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari, davlat organlari, xalqaro va nodavlat tashkilotlari, biznes va ekspert hamjamiyatlari vakillari qatnashdi.

2021 yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tuzilma mintaqadagi yetakchi ayollar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashda muhim platforma vazifasini o‘tamoqda.

2021–2023 yillarda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotiga O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘iston raislik qilgan.

Tadbirda “Kreativ iqtisodiyot: Markaziy Osiyoning innovator va ixtirochi ayollari – yangi yechimlar”, “Yashil” iqtisodiyot: Ijtimoiy va ekologik innovatsiyalarni ilgari surishda ayollarning roli” hamda “Raqamli iqtisodiyot: Ayollar va raqamli yechimlar” kabi mavzular ko‘rib chiqildi.

Ushbu yo‘nalishlarda mintaqaviy hamkorlik yuzasidan takliflar qizg‘in muhokama qilindi. Davlatlardagi ijobiy tajribalar bilan o‘rtoqlashildi hamda birgalikda amalga oshiriladigan choralar yuzasidan kelishib olindi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan Qirg‘iziston raisligi davrida 2024 yilga mo‘ljallangan Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti bo‘yicha Harakatlar rejasi tasdiqlandi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA