FOTOREPORTAJ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda  Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mutasaddilari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Agentlik tomonidan 2024 yilning o‘tgan davri mobaynida kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat sohalarini rivojlantirish va tartibga solish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va erishilgan natijalar haqida tadbirda batafsil so‘z yuritildi. Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida qonunchilikni takomillashtirish, institutsional rivojlanish, xalqaro hamkorlik bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, O‘zbekiston sug‘urta bozorining asosiy ko‘rsatkichlari, sug‘urta xizmatlari iste’molchilari huquqlarini himoya qilish, sug‘urta tashkilotlari faoliyatini tartibga solish borasidagi ishlarga to‘xtalib o‘tildi. Kapital bozori sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish, uni institutsional rivojlantirish Openinfo.uz yagona korporativ axborot portali funksiyalarini modernizatsiya qilishga oid ma’lumotlar, “Toshkent” Respublika fond birjasini takomillashtirish va yirik kastodian-banklar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha axborot taqdim etildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, belgilangan vazifalarga muvofiq, agentlik tomonidan kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta faoliyati, elektron tijorat, lotereyalar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etish sohalarini yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, bozor ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va rivojlantirish e’tiborda.

Jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollariga soha xodimlari tomonidan batafsil javob qaytarildi.

Kamola Yusupova,

Oybek Pardayev (surat), O‘zA