Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan Butunjahon antidoping agentligining Osiyo va Okeaniya mamlakatlari vazirlari ishtirokidagi 19-hukumatlararo yig‘ilishida ishtirok etgan Xitoy Xalq Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Liu Guoyong boshchiligidagi delegatsiya poytaxtimizda bunyod etilayotgan “Olimpiya shaharchasi” bilan tanishdi.

Xitoy delegatsiyasiga hamrohlik qilgan O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qad rostlayotgan “Olimpiya shaharchasi”ning infratuzilmasi bilan mehmonlarni tanishtirdi.

Xitoy Xalq Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Liu Guoyong “Olimpiya shaharchasi”da qurilayotgan majmualar, zarur infrastruktura, kommunikatsiya tizimlari, har bir sport ob’ekti xalqaro talablarga javob berishini ta’kidlab, o‘smirlar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Toshkent-2025” Osiyo o‘yinlari hamda boshqa yirik musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishda Xitoy-O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish borasida o‘z takliflarini bildirib o‘tdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA