Prezident Sadir Japarov bugun Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar xavfsizlik idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashi a’zolari bilan uchrashdi. Qirg‘iziston rahbari terrorizm va ekstremizm xavfsizlik sohasidagi eng dolzarb muammo ekanini yana bir bor ta’kidlab, mamlakati o‘z ko‘lami, oldindan aytib bo‘lmaydigan va xavfli oqibati bilan jiddiy ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy muammoga aylangan terrorizmning barcha ko‘rinishlarini keskin qoralashini bildirdi.

Ayni payt Bishkekda MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik va maxsus xizmatlar rahbarlari kengashi 54-majlisi davom etyapti. Uchrashuvda asosiy e’tibor Hamdo‘stlik mamlakatlari xavfsizligiga tahdidni baholashga umumiy yondashuv ishlab chiqish, xatarlarni zararsizlantirish bo‘yicha razvedka xizmatlari hamkorligi samaradorligini oshirishga qaratilishi kutilmoqda.

Mintaqada vaziyatni beqarorlashtirish, konstitutsiyaviy tuzumni majburan o‘zgartirish maqsadida xorijda jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan va tajriba to‘plagan shaxslarni aniqlash, ular faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar belgilanadi.

Tadbir ishtirokchilari terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish sohasida, jumladan aksilterror qo‘mitasi negizida faoliyat yurituvchi Xalqaro terrorizmga qarshi ma’lumotlar banki doirasida axborot almashinuvini takomillashtirish yo‘llarini belgilab oladi.

Hamdo‘stlik aksilterror markazi MDHga a’zo davlatlar terrorizm va ekstremizmning turli zo‘ravon ko‘rinishlariga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini 2023 yilda amalga oshirilishi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqishi uchun Kengash a’zolariga taqdim etadi. Bundan tashqari a’zo davlatlar xavfsizlik idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashi ishchi organlari faoliyatining turli yo‘nalishlari bo‘yicha yig‘ilishlar rejalashtirilgan.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA