Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi «INNO» innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkida O‘zbekiston va Rossiya muhandislik-texnika sohalariga ixtisoslashgan oliygohlar konferensiyasi tashkil etildi.

«Ilmiy-texnika taraqqiyoti sharoitida oliy texnik ta’lim istiqbollari» mavzusida o‘tkazilgan anjumanda Rossiya fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari D.Afanasev boshchiligidagi delegatsiya vakillari va O‘zbekiston tomonidan 35 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi rahbarlari, vazirlik va idoralar mas’ullari qatnashdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Rossiya Federatsiyasi fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Dmitriy Afanasev ochib berdi.

Konferensiyada yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimining barqaror rivojlanishiga erishish uchun akademik mobillik va mehnat bozorida eng ko‘p talab qilinadigan yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash, bunda universitetlararo loyihalarni davom ettirish lozimligi qayd etildi. Qo‘shma ilmiy va innovatsion tadqiqotlarni, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirishni kengaytirish masalalariga alohida urg‘u berildi.

– O‘zbekiston va Rossiya muhandislik-texnika sohalariga ixtisoslashgan oliygohlar hamkorligida transport, logistika, mashinasozlik, geologiya, metallurgiya, energetika, kimyo, axborot texnologiyalari va boshqa muhim yo‘nalishlarda «Ilg‘or muhandislik maktablarini» tashkil etish, «korxona – universitet – ilmiy tashkilot» klaster tizimini va innovatsiya markazlarini yaratish lozim, – dedi vazir Q. Sharipov. — Shuningdek, magistratura, aspirantura va doktoranturada ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga e’tibor qaratish muhim ahamiyatga ega.

Anjuman davomida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida hamkorlikda ilmiy markazlar, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, yangi kafedralar va ilg‘or muhandislik maktablarini tashkil etish, ilmiy grantlarni amalga oshirish kabi masalalar bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Sifatli oliy ta’lim olish va inson kapitalini rivojlantirish manfaatlaridan kelib chiqib, Rossiya ta’lim muassasalarining O‘zbekistondagi filiallari salohiyatini yanada oshirishni davom ettirish haqida so‘z yuritildi. N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti bilan keng ko‘lamli hamkorlik to‘g‘risida fikr almashildi.

Konferensiya doirasida ilmiy-innovatsion soha hamda oliy texnik ta’lim yo‘nalishida o‘zaro aloqalarni kengaytirish, ikki davlat muhandislik-texnika oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yuzasidan 40 ga yaqin shartnoma imzolanishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlash joizki, «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi»da mamlakat oliy ta’lim tizimini sifat jihatidan o‘zgartirish, oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislar tayyorlash tizimini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari belgilab berilgan. Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida muayyan muvaffaqiyatlarga erishildi. Mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarining umumiy soni 211 taga yetdi. Ularning 67 tasi nodavlat universitet, 29 tasi xorijiy oliy ta’lim muassasasi filiallaridir. 29 ta xorijiy filialdan 14 tasi Rossiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlarining bo‘linmasidir.

2023/2024 o‘quv yilida yoshlarning oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinishi 42 foizni tashkil etdi. Oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari tarkibi yaxshilanib, ularning ilmiy salohiyati 41 foizga yetdi. 2023/2024 o‘quv yilida muhandislik-texnika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ulushi 35 foizdan oshdi.

Tadbir so‘ngida O‘zbekiston va Rossiya muhandislik-texnika sohalariga ixtisoslashgan oliygohlar konferensiyasi rezolyutsiyasi qabul qilindi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA