O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida o‘zbek kinoijodkorlarining “Kino — kelajakning nurli yo‘li” ijodiy forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda kino san’ati vakillari ijodkor ziyolilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari ishtirok etdi.

Ijodiy forum avvalida Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov, Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Agentlik direktorining o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, Kinoarboblar ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov va boshqalar tomonidan 16 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Kinochilar uyiga tashrifi hamda kinoijodkorlar bilan uchrashuvi, unda berilgan topshiriqlar haqida hisobot berildi. Mamlakat yetakchisi bilan bo‘lib o‘tgan bunday samimiy muloqot kinochilarni katta mas’uliyat, ishtiyoq bilan izlanishga da’vat etishiga alohida e’tibor qaratildi.

Forum ishtirokchilari yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar haqida gapirar ekan, milliy kinematografiyaga qaratilayotgan e’tibordan mamnun ekanliklarini bildirdi.

Forumning asosiy qismida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashrif chog‘ida taqdimoti bilan tanishgan “Tirik tarix” dasturi haqida so‘z bordi.

Taqdimotdan so‘ng ilk marotaba kinoijodkorlarga bunday katta loyiha ishonib topshirilgani, uning ahamiyati haqida gapirildi.

Shu bilan birga, dublyaj maktabi bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, “O‘zbekfilm” kinokonsernida maxsus kostyumlar tikish sexining faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ijodkorlarning gonorarlarini raqobatbardosh qilish, tarixiy badiiy-publitsistik filmlarni ko‘paytirish, film ijodiy jamoasini tanlash tizimini yaratish kabi takliflar berildi va muhokama qilindi.

Ishtirokchilar mazkur tarixiy loyiha qadim o‘timishimizni anglash, shu orqali yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma’naviyatini yuksaltirish, bularning barchasi esa Uchinchi Renessansni barpo etishga turtki bo‘lishini aytdi.

Tadbir yakunida kinoijodkorlarning Prezidentimizga yo‘llagan minnatdorchilik murojaatnomasi bir ovozdan qabul qilindi.

 

N.Usmonova,  

O‘zA