Poytaxtimizdagi «Universal» sport majmuasida taekvondo WT bo‘yicha «Beak Mun Chong» an’anaviy xalqaro turnirining kattalar o‘rtasidagi bellashuvlarida g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlandi.
Erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarda Jasur Yunusaliyev, Kamron Mansurov, Madolimjon Tursunaliyev, Abbos Cho‘ponqulov Temur Nagimov g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, ayollar o‘rtasida Shahzoda Yodgorova, Dilnoz Tangirova, Sitora Ergasheva, Sevinch Hayitova hamda Afruza Sattorova kabi sportchilarimiz shohsupaga ko‘tarildi.
– Mazkur musobaqaning kattalar o‘rtasidagi bahslarida ishtirok etib, o‘zim uchun tajriba to‘pladim, – deydi bronza medali sohibasi Afruza Sattorova. – Aslida yoshlar toifasidagi musobaqalarda ishtirok etaman. Bu safar xato va kamchiliklarimni bilib olish, tajribamni oshirish maqsadida murabbiylarim boshqa toifada o‘z omadimni sinab ko‘rishni tavsiya etdi. Garchi birinchi o‘ringa ko‘tarila olmagan bo‘lsamda, bronza medalini qo‘lga kiritganimdan xursandman. Kelajakda bundanda yaxshiroq natijalarni qayd etib, mamlakatimiz sharafini yanada yuksaltirishni o‘z oldimga maqsad qildim.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA