Barcha ezguliklar mujassam bo‘lgan bayram

Muborak Ramazon oyi ham nihoyasiga yetib, barchamiz islom olamidagi eng ulug‘ bayramlardan biri Ramazon hayitini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.

Joriy yilgi Ramazon oyi o‘zgacha shukuh, tarovat bilan o‘tganini alohida qayd etish joiz. Masjidlarimiz taroveh namozi, Qur’oni karim qiroatlari bilan munavvar bo‘ldi. Namozxonlar har kuni ibodat asnosida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab, duo qildi.

Xalqimiz ushbu oyda muruvvat-xayriya ishlarida katta g‘ayrat-shijoat namoyish etdi. “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida istiqomat qilayotganlar, joylardagi mehr-muruvvatga, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtojlar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olindi, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, tuman va shaharlardagi imomlar tomonidan saxovatpesha yurtdoshlarimiz ko‘magida 154 million so‘mlikdan ortiq moddiy yordam berildi. Ramazon oyi davomida viloyatimizdagi 1000 ga yaqin qabriston, 50 ga yaqin ziyoratgoh va tarixiy obida obodonlashtirildi.

Bir so‘z bilan aytganda, bu qutlug‘ oyda ezgu amallar bilan jismonan va ruhan chiniqdik, o‘zimizda komillik sifatlarini hosil qildik. Ana shunday fayzu futuhga to‘la o‘tgan Ramazon oyi xotimasi bo‘lmish Iydi Ramazonni ham o‘zgacha shukuh bilan bayram qilmoqdamiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 11 iyundagi “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, bu yil 15-17 iyun kunlari bayram sifatida keng nishonlanadi.

15 iyun kuni hayit namozi o‘qiladigan jome’ masjidlarda viloyat, tuman, shahar hokimliklari va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda zarur sharoitlar yaratildi. Jamoat va harakat xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rildi.

Hayit bayrami – dunyodagi barcha yaxshiliklarni o‘zida mujassam etgan kundir. Bu kunda qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar, yor-birodarlarga mehr ulashish, yordamga muhtojlarga muruvvat qo‘lini cho‘zish lozim. Har bir kishining bu kunda tashvishu g‘amlarini unutib, shodu xurram bayram nishonlashiga ko‘maklashishimiz darkor.

Xonadonlarimizdan tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, dasturxonimizdan to‘kinlik arimasin. Yomon ko‘zlardan, turli balo-qazolardan O‘zi saqlasin.

Zayniddin Eshonqulov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakili,
viloyat bosh imom xatibi

 

O‘zA