Bu haqda Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan Maktabgacha ta’lim agentligi faoliyatining ochiqligini ta’minlash hamda tizimda jamoatchilik nazoratini takomillashtirishga qaratilgan anjumanda so‘z yuritildi.

– Maktabgacha ta’lim tizimida 2024-yilda qator ustuvor vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda, – dedi Maktabgacha ta’lim agentligi direktori Agrippina Shin. – 2024-yil yakuniga qadar bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 76 foizga, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrov darajasini 96 foizga yetkazish asosiy ustuvor vazifalarimizdan hisoblanadi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini tubdan isloh qilish hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish va bolalarning maktabgacha ta’lim bilan yanada kengroq qamrab olinishini ta’minlash borasida qator ijobiy natijalarga erishilmoqda.

Jumladan, 2017-yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 5 211 tani tashkil etgan bo‘lsa, sohaga nodavlat sektorni keng jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakatda ilk marotaba davlat-xususiy sheriklik tizimini joriy qilish natijasida 2023-yilga kelib, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 6,5 barobarga ortib, 33 942 taga yetdi.

Maktabgacha ta’lim xizmatlarini yanada kengaytirish maqsadida maktabgacha ta’limning muqobil shakllari yaratildi. Xususan, barcha bolalarga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida 25 mingta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 662 ming nafar bola qamrovi ta’minlandi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qurish imkoni mavjud bo‘lmagan olis va chekka hududlarda «Aqlvoy» loyihasi doirasida156 ta mahallada qayta jihozlangan 72 ta “ISUZU” avtobuslar negizida 429 ta mobil guruhlar tashkil etilib, ularga 9,5 ming nafar bola qamrab olindi.

YUNISEF bilan hamkorlikda tashkil etilgan 20 ta «Turli xil yoshdagi maktabgacha ta’lim guruhlari»ga 496 nafar bola qamrab olindi.

Jahon bankining «Bolani erta rivojlantirish» loyihasi doirasida tashkil etilgan «Ilk rivojlanish markazlari»ga jami 1 600 nafar bola jalb etildi.

Respublikadagi 3 519 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 535 160 o‘rinli qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA