“Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida O‘zbek tili onlayn ta’lim platformasi yaratildi.

Mazkur platformaning taqdimot tadbiriga ijodkor ziyolilar, xorijda istiqomat qilayotgan hamyurtlarimiz, pedagoglar, ma’naviyat targ‘ibotchilari taklif etildi.

Ishtirokchilar – turli mamlakatlardan kelgan vatandoshlarimiz dastlab poytaxtimizning Adiblar xiyobonidagi Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydi.

Taqdimot tadbirida “Vatandoshlar” jamoat fondi boshqaruvi raisi Odiljon Sattorov davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tuzilma jahondagi ko‘plab xorijiy davlatlarda yashayotgan o‘zbeklar, shu zamindan yaxshilik ko‘rgan, u bilan taqdiri, eng aziz xotiralari bog‘langan odamlar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yganini ta’kidladi.

Ayni paytda xorijda istiqomat etayotgan yurtdoshlarimiz garchi o‘zlari o‘zbek tilini yaxshi bilsalarda, biroq ularning farzandlari bu tildan tobora uzoqlashib borayotgani afsuslanarli holat ekaniga e’tibor qaratildi. “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha turkum onlayn mashg‘ulotlar ham yo‘lga qo‘yilgani, tilimizni yanada kengroq o‘rgatish zarurati borligini ko‘rsatdi.

– Hozirda xorijiy tillarni tezkor o‘rgatadigan dasturlar juda ko‘p, – dedi “Vatandoshlar” jamoat fondi boshqaruvi raisi Odiljon Sattorov. – O‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha ilk marta ishlab chiqilgan ushbu onlayn ta’lim platformasi bosqichma-bosqich A1 darajasida o‘rgatadi. Kelgusida uni yanada takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Alisher Ubbiyevning fikricha, ushbu platformaning yaratilishi xorijda o‘zbek tilini yoshlarga o‘rgatish va targ‘ib etish, ona tilimizni yanada rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.

Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi direktori Dilrabo Davidovaning aytishicha, mazkur platformani yaratishda o‘zbek tilini o‘rganuvchilarga tushunarli, sodda, ravon, oson tarzda tushuntirishdek yondashuvga asoslanilgan. Platformada “Keling, tanishaylik”, “Katta hovli”, “O‘lchov”, “Mahallamizda”, “Kasblar”, “Yo‘l bo‘lsin”, “Yangiliklar”, “Dam olish” kabi bo‘limlar bor. Platformada shuningdek, mashqlar bajarish orqali og‘zaki va yozma ko‘nikmalarni oshirish, o‘zini o‘zi tekshirish imkoniyati ham yaratilgan. Hayotiy dialoglar, video, audio kontentlar bilan birga mashg‘ulotlar qiziqarliligini ta’minlash uchun boshqotirmalar ham keltirilgan. Eng asosiysi, platformadagi materiallar orqali milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz ochib berishga harakat qilingan.

Mashg‘ulotlar Fondning mualliflik huquqi asosida yagona avtomatlashtirilgan elektron portalga (https://vatandoshlarfondi.uz) joylashtirildi. Mashg‘ulotlarda faqat ro‘yxatdan o‘tgan vatandoshlar foydalanishi mumkin. Mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan o‘rganuvchilarga maxsus sertifikatlar taqdim etiladi. O‘zbek tili onlayn ta’lim platformasi A1 darajasi 8 modulda (har bir modulda 3 tadan mavzu) 24 ta mashg‘ulot orqali o‘rgatiladi.

Tadbirda mazkur platformani yaratishda jonbozlik ko‘rsatgan mutaxassislarga tashakkurnomalar topshirildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri