Inson salomatligini o‘zi tomonidan saqlashning eng muhim yo‘llaridan biri sog‘lom ovqatlanish qoidalariga rioya qilishdir.

Har bir fuqaroda sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik madaniyatini shakllantirish yuzasidan yurtimizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda va yana nimalarga e’tibor qaratish lozim? Shu haqda Turon fanlar akademiyasi va O‘zbekiston xalq tabobati akademiyasi akademigi, tarix va tabobat fanlari doktori, oliy toifali jarroh Alijon FAQIROV bilan suhbatlashdik.

– Bugungi kunda betartib ovqatlanish muammosi insoniyatni qanday hollarga solmoqda?

– Ovqatlanish madaniyati buzilishi oqibatida dunyoda juda ko‘p xastaliklar paydo bo‘lyapti va ko‘payib boryapti. XXI asrning eng katta fojialaridan biri – moddalar almashinuvi buzilishi bilan bog‘liq kasalliklar oxirgi yillarda ko‘paydi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bergan ma’lumotga qaraganda, dunyoda o‘limga olib kelayotgan kasalliklar statistikasida birinchi o‘rinda yurak qon-tomir tizimi bilan bog‘liq kasalliklar katta rol o‘ynaydi. Buning o‘lim va kasallanishga olib kelayotgan darajasi 70 foizni tashkil qiladi. Ikkinchi o‘rinda esa nafas olish tizimi va infeksion kasalliklar turadi. Uchinchi o‘rinda me’da ichak, ya’ni bevosita ovqat hazm qilish tizimi, ovqatlanish madaniyati bilan bog‘liq kasalliklar.

Insonda o‘n ikkita tizim bor. Mana moddalar almashinuvi bilan bog‘liq kasalliklar degan alohida atamani aytib o‘tdik. Tibbiyot xodimlari bilan uchrashuv qilgan paytlarida davlatimiz rahbari ham tashvishli ohangda aytib o‘tdilar-ki, O‘zbekistonda 70 foizdan ortiq 30 yoshdan katta bo‘lgan odamlarda ortiqcha vazn muammosi bor ekan. Bu esa aynan moddalar almashinuvi buzilishi oqibatidan.

Semizlikning darajalari bor. Masalan, me’yoriy holatlar 5-15 foizgacha ortiqcha vazn hisoblanadi. 15 foizdan ortsa, ya’ni 25 foizgacha ikkinchi darajali semizlik bo‘ladi. 25 foizdan ortig‘i uchinchi darajali semizlik hisoblanadi.

Xo‘sh, semizlik, ortiqcha vaznni qanday hisoblash mumkin? Yoshimizga, jismimizga, bo‘yimizga nisbatan vazn qanaqa bo‘lishi kerak, norma-chi? Bularni hisoblashda 200 ga yaqin formula ichida eng osoni har bir inson bevosita uy sharoitida o‘zi amal qilib yurishi mumkin bo‘lgani akademik Ado tomonidan 1971-yilda taklif qilingan formula hisoblanadi. Ya’ni, insonning bo‘yi qanday bo‘lsa, undan 100 santimetr olib tashlanishi va qolgani vazn bo‘lishi kerak. Ana shundan 10 foiz kamroq ham, ko‘proq ham bo‘lishi mumkin. Normaning 10 foiz kami pastki chegara, 10 foiz ko‘pi yuqori chegara deb hisoblanadi.

Endi amaliyotdan misol keltiramiz. Masalan, mening yoshim 60 da, bo‘yim 170 santimetr. 100 santimetrni olib tashlaydigan bo‘lsak, 70 santimetr qoladi, demak, 70 kilogramm atrofida sof vaznim bo‘lishi norma hisoblanadi.

Suhbatning davomini ushbu havola orqali tomosha qiling 

Abdulaziz RUSTAMOV suhbatlashdi, 

O‘zA