Bugun Toshkentda “ICCI 2024″ – Qurilish sanoati xalqaro anjumani doirasida “Yangi Toshkent shahrini barpo etish” loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

CCA xalqaro kompaniyasi va qator mahalliy tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda mahalliy va xorijlik mutaxassislar, ekspertlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Unda so‘z olganlar Prezidentimizning 2023-yil 20-iyuldagi “Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga asosiy urg‘u berildi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi tashkil etildi.

Tadbirda Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi direktorining o‘rinbosari Bahrom Rizayev quyidagilarni qayd etdi: 

– Prezidentimizning 2023-yil 20-iyuldagi qarori asosida Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlari hududida Yangi Toshkent shahrini barpo etish ko‘zda tutilgan. Shunga asosan mazkur tumanlar hududidan 19 720,9 gektar yer maydoni tanlab olinib, dastlabki bosqichda 2 420 gektar yer maydonida qurilish va obodonlashtirish amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Yangi Toshkent shahrining Bosh rejasi loyihasini tezkor va sifatli ishlab chiqarish maqsadida Singapurning “Meinhardt Pte.Ltd” va Buyuk Britaniyaning “Cross-works” kompaniyalari jalb etilgan. Bugungi kunda birinchi bosqichning Bosh rejasi ishlab chiqilgan va ayni paytda tasdiqlanish jarayonida. Shu jumladan, birinchi bosqich hududi uchun batafsil rejalashtirish loyihasi tayyorlandi. Birinchi bosqichning Bosh rejasi asosida 2024-2026-yillar davomida Milliy kutubxona, Milliy drama teatri, Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabi va maqom markazi, Yangi O‘zbekiston universiteti, Vebster universitetining yangi kampusi va o‘quv bino inshootlari hamda shaharning transport, muhandislik infratuzilma obyektlari qurilishi ko‘zda tutilgan, – dedi u.

Shuningdek, tadbirda Yangi Toshkent shahrida qurilish ishlarini tartibga solish, energiya va suv resurslaridan foydalanish, aholining yashash sharoiti hamda ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida “Yashil” qurilish sohasidagi “LEED”, “BREEAM” va “EDGE” standartlari joriy etilishi va ushbu loyihani barpo etish strategiyalari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Ta’kidlash kerakki, ayni paytda Yangi Toshkent shahrida barpo etiladigan hududni rivojlantirish bo‘yicha 21 loyiha ishlab chiqilib, mazkur loyihalarga qiziqish bildirgan investorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA