Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan davlatimiz rahbarining “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan afv etilib jazodan ozod etilgan shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi va ularni ijtimoiy hayotga moslashishi uchun sharoit yaratilishini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar o‘rganildi.
Farmonga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 14 nafar shaxs afv etilib, shundan 2 nafariga tayinlangan jazo muddati qisqartirilgan, 3 nafari shartli, 9 nafari jazodan ozod qilingan.
Ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijasida 6 nafarida har xil turdagi kasallik aniqlanib, bu borada tegishli tibbiy muolajalar olib borilishi ta’minlandi. Shuningdek, 9 nafarining bandligi ta’minlandi. Bir nafariga nogiron bo‘lganligi uchun davolanishga yo‘llanma berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.