FOTOREPORTAJ

Nukusda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida ta’lim muassasalari o‘qituvchilari o‘rtasida “Sog‘lom tanda – sifatli ta’lim” shiori ostida “Kasaba uyushmasi kubogi” sport musobaqalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi o‘tkazildi.

Musobaqa O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi. Unda sportning mini-futbol, shaxmat, shashka, stol tennisi va voleybol turlari bo‘yicha o‘qituvchi va murabbiylar o‘zaro kuch sinashdi. Bellashuvlar Nukus shahridagi 2-sport maktabi, Qoraqalpoq davlat universiteti, Nukus davlat pedagogika instituti, Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi inshootlarida bo‘lib o‘tdi.  Musobaqaning quyi bosqichlarida 15 mingdan ziyod ta’lim tizimi xodimi ishtirok etdi.

Sportning stol tennisi bo‘yicha ayollar bahsida Taxiatosh tumanidan Yulduz Xudoyberganova birinchi, Nukus shahridan Gulxumor Satimova ikkinchi, Amudaryo tumanidan E’tibor Bobojonova uchinchi o‘rinni egalladi.  Erkaklar o‘rtasida Ellikqal’a tumanilik Ixtiyor Qurbonov yuqori natija ko‘rsatib musobaqa g‘olibi bo‘ldi. Amudaryo tumanidan Doniyor Yo‘ldoshev ikkinchi, mo‘ynoqlik Nurliboy Qilichboyev uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Shaxmatchi ayollar o‘rtasida birinchi o‘rin chimboylik Gulsavir Bekmuratovaga nasib etdi. Xo‘jayli tumanidan Gulnoz Abdujamilova ikkinchi, Qorao‘zak tumanidan Jamila Hamidullayeva uchinchi o‘rinni egalladi. Erkaklar bahsida esa taxiatoshlik Rustam Qaypanov birinchi, Nukus shahridan Salomat Dilimbetov ikkinchi, qo‘ng‘irotlik Bahodir To‘rayev uchinchi o‘rinni zabt etdi.

Sportning shashka turi bo‘yicha ayollar o‘rtasida birinchilikni Qo‘ng‘irot tumanidan Dilfuza O‘rozboyeva egalladi. Qorao‘zaklik Alima Tanirbergenova ikkinchi, Nukus shahridan Guljahon Mamutova uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Erkaklar o‘rtasida birinchi o‘rin qo‘ng‘irotlik Bahodir Abdurayimovga nasib etdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar amudaryolik Amin Eshimbetov va chimboylik Rustam Abdug‘aniyevga nasib etdi.

 

Voleybol bahslarida Nukus shahri jamoasi birinchi, Beruniy tumani jamoasi ikkinchi, Taxtako‘pir tumani jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida nukuslik sportchilar  musobaqa g‘olibi bo‘ldi. Ularga Kasaba uyushmasi kubogi hamda 30 million so‘m pul mukofoti topshirildi.

Shuningdek, musobaqa g‘olib va sovrindorlari hamda turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA