“Nukus” umumqo‘shin poligonida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi tashabbusi bilan mahallalardagi yoshlar yetakchilari uchun o‘quv-uslubiy yig‘in o‘tkazildi.
Hozirgi kunda inson ongini boshqarishga urinish, tafakkuriga yot g‘oyalarni singdirish, ichki xavfsizlik va barqarorlikni izdan chiqarishga bo‘layotgan harakatlar har birimizni ogohlikka chorlaydi. Bunday vaziyatda, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, ular bilan tizimli ishlarni tashkil etish o‘ta muhim masaladir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil 12 yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ham bu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni manzilli hayotga keng tatbiq etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Mazkur tadbir ham ayni shu masalalarga bag‘ishlandi. Unda mahallalardagi yoshlar yetakchilari jalb etildi. Yoshlar bilan ishlashning yangi tizimi bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
Yig‘inda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Tajiboy Romanov, kuch tuzilmalari hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Ushbu yig‘inda olingan bilim va tajriba kelgusida mahalla yoshlari bilan hamkorlikda ishlarni tashkil etishda, ularni vatanparvarlik va yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashda dasturilamal bo‘lishi ta’kidlandi. Turli mavzularda ma’ruzalar tinglanib, yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini bevosita mahallalarda hal etishning yangi tizimi haqida ma’lumot berildi.
Nazariy mashg‘ulotlarda yurtimizda olib borilayotgan keng islohotlar, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi yutuqlar e’tirof etildi. “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni, mahallalardagi yoshlarni birlashtirish, ular muammolarini o‘rganish va ijobiy hal etish, turli psixologik trening mashg‘ulotlarini o‘tkazish, ularda liderlik xususiyatlarini shakllantirish, ruhiy tushkunlikni yengib o‘tish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi.
Harbiy kasbga qiziqishi baland yoshlar bilan mahalladagi Qurolli Kuchlar faxriylari, harbiy qismlar bilan hamkorlikda “Men ham harbiy bo‘laman!” mavzusida davra suhbatlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish borasida tavsiyalar berildi. O‘quv-uslubiy yig‘inning amaliy qismida ishtirokchilar uchun o‘q otish tayyorgarligi, yashovchanlik asoslari, harbiy-tibbiy tayyorgarlik, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Yig‘inda Qurolli Kuchlarimiz kuch tuzilmalarida foydalaniladigan texnika va qurol-aslahalar namoyish tashkil etildi. Ishtirokchilarga cho‘l sharoitida bo‘linmalarning yashovchanligini oshirish, harbiy xizmatchilarning kasbiy malaka va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashda foydalaniladigan o‘quv ob’ektlar tanishtirildi. Poligon hududida jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish uchun bunyod etilgan o‘quv joylari, jangovar shaharchalar yoshlar yetakchilarida katta taassurot qoldirdi.
Podpolkovnik Timur Narziyev,
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshlig‘i