O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan ta’lim sifati yuqori bo‘lmagan umumta’lim maktablariga metodik yordam ko‘rsatishda Qoraqalpog‘iston tajribasini amaliyotga taqdim etish bo‘yicha respublika o‘quv-amaliy seminari doirasida metodik-tur tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari U.Sharifxodjayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi o‘rinbosari B.Otemuratov, vazirlikning Metodika va darsliklar boshqarmasi, Respublika ta’lim markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutasaddilari, barcha viloyatlar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining o‘quvchilarda zamonaviy ko‘nikmalarni shakllantirish shu’balari bosh metodistlari, hududiy metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshliqlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.

Amudaryo tumanidagi 76-maktabda respublika o‘quv-amaliy seminarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Maktabning 216 o‘ringa mo‘ljallangan binosi 2013 yilda, 360 o‘ringa mo‘ljallangan qo‘shimcha binosi 2022 yilda foydalanishga topshirilgan. Hozirgi kunda maktabda 23 sinfda 639 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotgan bo‘lib, o‘qish 2 navbatda tashkil etilgan.

Maktab 2020 yil “Ta’lim sifati yuqori bo‘lmagan maktablar” ro‘yxatiga kirgan bo‘lib, 2021 yil 4 dekabrda metodik-tur o‘tkazildi. Shu paytda maktabda bironta oliy va 1-toifali o‘qituvchi bo‘lmagan, 17 nafar 2-toifali o‘qituvchi va 42 nafar mutaxassis faoliyat olib borgan. Hozirgi kunda maktabda jami 55 nafar pedagog bo‘lib, shundan 5 nafari oliy toifali, 21 nafari 1-toifali, 21 nafari 2-toifali, 8 nafar mutaxassis faoliyat olib boradi. 2020-2021 o‘quv yilida maktabning 30 nafar bitiruvchisidan 6 nafari, 2021-2022 o‘quv yilida 34 nafaridan 7 nafari, 2022-2023 o‘quv yilida 34 nafar o‘quvchidan 20 nafari oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan.

O‘qituvchilar ingliz tili fanidan xalqaro darajadagi 2 ta C1, 2 ta B2 darajadagi, rus tili fanidan xalqaro darajadagi 3 ta C1, ona tili va tarix fanidan 1 tadan milliy, informatika fanidan 2 ta xalqaro darajadagi, matematika fanidan 1 ta sertifikatga ega. Maktab “Open byudjet”ning joriy yil birinchi mavsum loyihasida 860 million so‘mlik jihozlar yutib oldi.

Seminar ishtirokchilari maktabda yaratilgan sharoitlar, zamonaviy metodlarga tayangan holda o‘tilayotgan dars jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Nukus shahridagi Yoshlar markazida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan ochiq muloqot ham bo‘lib o‘tdi. Unda ta’lim sifatini yuqori bo‘lmagan umumta’lim maktablariga manzilli metodik yordam ko‘rsatish borasida Qoraqalpog‘iston tajribasining mazmun-mohiyati, uni mamlakatimiz bo‘ylab joriy etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, Nukus shahridagi 8-son umumta’lim maktabida zamonaviy metodik xizmat ko‘rsatishning samaradorligi mavzusida ko‘rgazma, “Ma’naviyatli inson – madaniyatli inson” mavzusida metodik tadbir tashkil qilindi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari