Ayni kunlarda «O‘zeltexsanoat» uyushmasi raisi o‘rinbosari Jahongir Jamolov boshchiligidagi delegatsiya xizmat safari bilan Turkiyada bo‘lib turibdi.

«O‘zeltexsanoat» uyushmasi axborot xizmatining xabariga ko‘ra, mamlakatimizda avtomobillar ishlab chiqarish, yangi quvvatlarni ishga tushirish hisobiga avtosanoat tarmog‘ida elektrotexnika butlovchi qismlariga bo‘lgan talab ortib bormoqda.

Shundan kelib chiqib, delegatsiyaning ushbu xizmat safaridan ko‘zlangan maqsad mazkur yo‘nalishda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralarni tashkil etish va amaliy natijalarga erishishga qaratilgan.

Safar chog‘ida «O‘zeltexsanoat» uyushmasi va «EltechIndustrial» texnoparki davlat muassasasi vakillari Turkiyaning «DAIICHI Electronic» kompaniyasi hamda uning hamkori bo‘lgan «Karel» kompaniyasida bo‘ldi.

Tomonlar o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda «DAIICHI Electronic» kompaniyasining yurtimizda avtomobillar uchun audio-radio qurilmalar ishlab chiqarish loyihasi taqdimot qilindi. So‘ngra o‘zbek delegatsiyasi «Karel» kompaniyasidagi ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulot turlari va texnologik yangiliklar bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro ma’lumot almashishga, yangi loyiha realizatsiyasini imkon qadar tezlashtirishga umid bildirdi.

 

N.Ziyodullayeva tayyorladi

O‘zA