Dunyo davlatlarining yurtimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarga bo‘lgan qiziqishi ortmoqda.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori Ibrohim Ergashev “Artfood” kompaniyasi rahbarlari va ta’sischilari bilan uchrashdi. Uchrashuvda “Artfood” uchun o‘zbekistonlik eksportyorlar salohiyati yuqori hamkor ekanligi, mamlakatimizdan xurmo, uzum, anor, gilos, anjir, nektarin import qilishga qiziqishi borligi ta’kidlandi.

Shu o‘rinda aytish mumkinki, «Artfood» korxonasi Rossiya bozoriga ekzotik mevalar olib kiradigan eng yirik korxona hisoblanadi. Bundan tashqari, o‘z bog‘larida rezavorlar ham yetishtiradi. Asosiy segmenti «premium» darajasidagi mahsulotlar bo‘lib, chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi bir qancha tarmoqlar uchun mevalarni saralab, qadoqlab berishga ixtisoslashgan.

Tashrif davomida agentlik rahbari “Artfood” korxonasining saralash, qadoqlash sexlari bilan tanishib, o‘rnatilgan uskunalar, ularning ishlash tartibi va jarayonlar haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.

Talablarga asosan O‘zbekiston uchun qo‘llanma tayyorlanib, metodik ma’lumotlarni yuborish, elektron hujjat almashinuvini yo‘lga qo‘yish va ishchi guruh faoliyatini tashkil etishga kelishildi, deyiladi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ma’lumotida.

“Artfood” kompaniyasi hududida xom meva va rezavorlarning pishishi uchun maxsus kameralar mavjud bo‘lib, ma’lum muddat mahsulotlar mazkur kameralarda saqlanadi.

Biroq o‘tgan yillarda ba’zi turdagi mahsulotlar muddatidan oldin uzilganligi sababli kameralarda ham saqlash uchun yaroqsiz ko‘rinishda olib kelinganligi aytib o‘tilgan. Uchrashuvda bunday holatlarni bartaraf etishda karantin xizmati ko‘maklashishi so‘raldi.

Mazkur kompaniya mamlakatimiz tadbirkorlari uchun qulay shartlarda hamkorlik  qilishga tayyorligini ma’lum qildi.

A.RUSTAMOV, O‘zA