So‘nggi yillarda shahar va tumanlarimizda keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bunda qishning qahraton sovug‘i, yozning jazirama issig‘ida, xullas, qay mavsum bo‘lmasin, fidokorona mehnat qilayotgan obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari jonbozligini alohida ta’kidlash zarur.

– Joriy yilning o‘tgan oylari mobaynida ishchi-xodimlarimiz tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, – deydi Nukus shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Ashirxon Yusupov. – Shu bilan birga shartnoma asosida qo‘shimcha qurilish-ta’mirlash, ko‘kalamzorlashtirish hamda xizmatlar ko‘rsatildi. Shuning hisobidan kelib tushgan mablag‘lar boshqarmaning mashina-traktor parkini yangilash, mavjudlarini ta’mirlash, ishchi-xodimlarni moddiy rag‘batlantirish, shu bilan birga kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatishga sarflanmoqda.

Bundan tashqari, shahar hududidagi 4 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi 14 ta xonadonning kuchli shamol oqibatida zarar ko‘rgan tom qismlari to‘liq tiklab berildi. Shuningdek, 10 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 17 xonadonga yordam ko‘rsatildi. Kam ta’minlangan bitta oilaga uy-joy qurib berildi.

Shaharning markaziy ko‘chalari bo‘ylariga, xiyobonlarga har yili ekiladigan mavsumiy gullar o‘rniga ko‘p yillik gul ko‘chatlarini ekish rejalashtirilib, bugungi kunga qadar 430 ming tup atirgul ko‘chati, A.Dosnazarov ko‘chasini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 420 tup pissardi olxo‘ri hamda turli 103 nomdagi buta ko‘chati ekildi. Ekilgan daraxt va gul ko‘chatlari xodimlar tomonidan agrotexnik talablar asosida parvarishlanmoqda.

Joriy yilda 41,3 kilometr tuproq yo‘lga qum-shag‘al qoplamasini yotqizish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqildi va ekspertiza xulosasi olinmoqda. Bugungi kunda 12 kilometr yo‘lga qum-shag‘al qoplamasini yotqizish ishlari bajarildi. Shu bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarori asosida 8 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 8,3 kilometr ichki yo‘l asfaltlandi.

Shahar hududidagi ko‘chalarda tungi yoritish tizimini bosqichma-bosqich takomillashtirish ishlari olib borilmoqda. Boshqarmaga qarashli 24 ming 887 ta tungi yoritish chirog‘i va 809 kilometr yoritish tarmog‘i, 286 ta yoritish paneli bo‘lib, ularga 15 nafar ta’mirlovchi xodim xizmat ko‘rsatmoqda.

Boshqarma xodimlari bugungi kunda yaqinda yuz bergan kuchli yomg‘ir va shamol oqibatlarini bartaraf etish, shaharni obodonlashtirish, ekilgan daraxt hamda gul ko‘chatlarini parvarishlash ishlarida faol qatnashmoqda. Ularning yurt ravnaqi, aholi farovonligi yo‘lidagi tinimsiz mehnati har qancha tahsinga loyiq.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri