Yaqinda mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston madaniy merosi va turistik salohiyatiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

Tadbirga Germaniya tashqi ishlar vazirligi qoshidagi “Willkommen in Berlin. Berliner Diplomatenclub beim Auswärtigen Amt e.V.” diplomatlar klubi a’zolari hamda germaniyalik sobiq diplomatlardan iborat klub a’zolari taklif etildi.

Mamlakatimizning Germaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Ahatov mehmonlar uchun nemis-o‘zbek me’morchiligi sirlarini o‘zida uyg‘unlashtirgan muhtasham tarixiy elchixona binosi bo‘ylab ekskursiya o‘tkazar ekan, unda Germaniya yodgorliklarni muhofaza qilish jamiyati tomonidan himoyaga olingan O‘zbekiston elchixonasi binosi tarixi, o‘zbek va nemis me’morlari hamkorligida bino ulug‘vorligi saqlab qolingan holda qayta ta’mirlangani to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, tadbirda mamlakatimiz turizm salohiyatini targ‘ib etuvchi “O‘zbekiston turizmi va madaniy merosi. Yangi O‘zbekistonni kashf eting” mavzusida videoroliklar namoyish etildi hamda mamlakatimizning qadimiy shaharlari, madaniyati va boshqa sohalariga oid tarqatma materiallar taqdim etildi.

– Afsuski, O‘zbekistonda bo‘lmaganman, – dedi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo departamenti referenti Urzula Braumann. – Lekin mamlakatingizning ajoyib va go‘zal xilma-xil landshaftga ega tabiati, ko‘ngli ochiq va mehmondo‘st xalqi, boy madaniyati va asrlar osha saqlanib kelayotgan hunarmandchilik yo‘nalishlari, jo‘shqin sharqona musiqa va raqs san’ati xorijlik sayyohlarni o‘ziga rom etadi. Bugungi tadbirda biz buning guvohi bo‘ldik, bu imkoniyat uchun tashkilotchilarga o‘z minnatdorligimni bildiraman.

Shuningdek, tadbirda “Bibi Hanum” brendining asoschisi Muhayyo Aliyeva mehmonlarga onlayn tarzda o‘zbek milliy matolari, ularning tayyorlanish texnologiyalari haqida gapirib berdi va milliy uslub bilan hamohang tikilgan “Bibi Hanum” brendi ostidagi kiyimlar kolleksiyalari bilan tanishtirdi.

– Kasbim jurnalist va fotograf. Mazkur tadbir tufayli O‘zbekistonni yaqindan tanish imkoniyatiga ega bo‘ldim. O‘zbek madaniyatining rang-barangligi, tarixiy yodgorliklari, odamlariga mehrim tushdi. Ayniqsa, “Bibi Hanum” brendi asoschisining taqdimoti orqali o‘zbek moda san’ati meni o‘ziga manzur etdi. Prussiya davri arxitekturasi va o‘zbek naqqoshlik hamda yog‘och o‘ymakorligini o‘zida mujassam etgan elchixona binosi esa bizda katta taasurot qoldirdi. O‘zbekistonning barcha turizm salohiyati va imkoniyatlari, madaniy meroslari haqida bilib oldik. Bu tadbirdan keyin O‘zbekistonga sayohat qilishga qaror qildim, – dedi “Willkommen in Berlin. Berliner Diplomatenclub beim Auswärtigen Amt e.V.” klubi elchixonalar va rezidensiyalar yo‘nalishi rahbari Oliviya Nikel:

Tadbir dasturidan o‘rin olgan milliy raqslar, musiqa madaniy kechaga bayramona shukuh bag‘ishladi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA