Qatarda davom etayotgan Osiyo kubogi 1/8 final bahslari tegrasidagi fikr-mulohazalar ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda.

Ayniqsa, 2 fevral kuni Tojikiston – Iordaniya va 3 fevral kuni Qatar – O‘zbekiston milliy terma jamoalarining o‘yinlari haqida bildirilayotgan munosabatlar mamlakatimiz va qo‘shni Tojikiston futbol fanatlarini yorug‘ orzularga oshufta etayotgani bor gap.

Mamlakatimiz futbolining yorqin afsonasi, ayni paytda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi faxriylar kengashi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan To‘lagan Isoqov bilan o‘tkazgan suhbatimiz aynan shu xususda kechdi.

Aytish lozim, bu gal Qatar yashil maydonlarida o‘tayotgan qit’a kubogi bahslari har jihatdan oldingi chempionatlardan farq qilmoqda.

Bu, eng avvalo, Osiyo jamoalarida futbol texnik-taktik jihatdangina emas, muxlislarning munosabatida, uning qamrovida, dunyoning yetakchi futbol klublarining seleksionerlarining qiziqishlarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Bundan tashqari, XVIII qit’a chempionatining umumiy mukofot jamg‘armasi 14,8 million dollar etib belgilangani, musobaqa g‘olibi 5 million dollarni, finalchi jamoa 3 million, yarim finalchi terma jamoalar 1 million dollar miqdoridagi mukofot sohibi bo‘lishidan tashqari unda qatnashgan har bir terma jamoa 200 ming dollar bilan taqdirlanishi ham Osiyo kubogining nufuzidan dalolatdir.

Uzoq yillar “Paxtakor” futbol klubida faoliyat yuritib, millionlab futbol muxlislari qalbidan joy olgan To‘lagan Isoqov bilan suhbatimizda 1/8 finalchi jamoalarning imkoniyatlari, milliy terma jamoamizning kuchli va og‘riqli nuqtalari, murabbiylarning ish yuritish jihatlari, qo‘shni Tojikiston jamoasining shov-shuvli natijalariga ham to‘xtaldik.

Muloqot davomida To‘lagan Isoqovning terma jamoamiz o‘yinlarini maydondan kuzatish uchun nega Qatarga bormagani, O‘zbekiston futbol faxriylari kengashining ish faoliyati, yurtimizda bolalar futboliga berilayotgan e’tibor, chekka-chekka hududlardan porlab chiqayotgan talantli yoshlar masalasi ham e’tiborimiz markazida bo‘ldi.

Suhbatning to‘liq tafsilotlari bilan O‘zAning Youtube kanali orqali tanishishingiz mumkin.

To‘lqin Ro‘ziyev, Doniyor Yakubov (video), O‘zA.