Bugun butun dunyoda kosmonavtika jadal rivojlanmoqda. O‘zbekistonda ham sohani rivojlantirish, kadrlar tayyorlash borasida izchil islohotlar olib borilmoqda. Ayniqsa, kosmik tadqiqotlar yo‘nalishida Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha “O‘zbekkosmos” agentligiga bir qator vazifalar yuklangan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (“O‘zbekkosmos”) tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.

—Kosmik suratlar va qayta ishlangan ma’lumotlar iste’molchisi bo‘lgan vazirlik va idoralar 15 tadan ortib, sohalarda 20 tadan ortiq loyihalar amalga oshirildi, — deydi “O‘zbekkosmos” agentligi bo‘lim boshlig‘i Muhiddin Ibragimov. — 10 dan ortiq geoplatformalar yaratildi. Shuningdek, 726 ming km.kv kosmik suratlarni qayta ishlash orqali geologiya, yer munosabatlari, ekologiya, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, seysmologiya sohalarida davlat kosmik monitoringi amalga oshirildi.

Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish doirasida 2023 yil 25 aprelda Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning kosmik agentliklari rahbarlarining ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 250 dan ziyod kosmik korporatsiyalar, agentlik va qo‘mitalar vakillari ishtirokida “Space Technology Conference STC-2023” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Ozarbayjonning Boku shahrida bo‘lib o‘tgan 74-Xalqaro Astronavtika Kongressida (IAS) “O‘zbekkosmos” agentligi Xalqaro astronavtika federatsiyasiga a’zo bo‘ldi.

O‘tgan yilning 7-8 oktyabr kunlari Toshkent shahrida NASA bilan hamkorlikda navbatdagi “NASA Space Apps” qo‘shma xakatoni o‘tkazildi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan AQSHdagi Kolorado Boulder va Ayova davlat universitetlariga 2 nafar talaba ta’lim olish uchun yuborildi.

Tadbir doirasida kelgusida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ishlar, rejalar xususida ham fikr-mulohazalar bildirildi.

Jumladan, kosmik sohaga yosh avlodni qiziqtirish va kosmik sohaning jozibadorligini targ‘ib qilish, O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari uchun “Space camp” lagerini tashkil etish va 80 ta 9-15 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli o‘smirlarini o‘qitish maqsad qilingan.

N.Rahmonova, O‘zA