Fransiyalik fermerlar traktorlari bilan Parij atrofidagi asosiy yo‘llarni to‘sib qo‘yishdi. Ular daromad kamayishi, subsidiya qisqarishi va Yevropa Ittifoqining yangi ekologik talablaridan norozi bo‘lib, butun mamlakat bo‘ylab ommaviy norozilikka chiqmoqda, deb yozgan “Dautsche Welle”.

Fermerlar dushanba kuni Parij atrofidagi yirik magistrallarni traktorlar bilan to‘sib, harkatni cheklab qo‘yishdi. Poytaxtda jamoat tartibini ta’minlash uchun 15 ming politsiyachi jalb etilgan. Ichki ishlar vaziri Jerald Darmanen politsiyachilarni bosiqlikka chaqirarkan, namoyishchilardan ham chegaradan chiqmaslik, xususan aeroportni to‘sib qo‘ymaslikni talab qildi.

Ommaviy namoyish Fransiyaning boshqa hududlarida ham bo‘lib o‘tmoqda.

Fermerlar inflyatsiya, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importi ortishi, byurokratiya va YeI tomonidan qo‘yilgan talablar tufayli daromad pasayishidan norozi.

YeI mamlakatlari pestitsid va o‘g‘itdan foydalanishni qisqartirishi, shuningdek 2030 yilgacha o‘z chegarasidagi quruqlikning kamida 20 foizini tabiiy holatga qaytarishi kerak. Bu chora-tadbirlar qishloq xo‘jaligi maydoni qisqarishi, dehqonchilik kam rentabelli sohaga aylanishi tahdidini keltirib chiqarishi mumkin, fermerlar aynan shundan xavotirga tushmoqda. Ularning ko‘pchiligi islohot bankrotga olib kelishidan qo‘rqadi. “Bizning inqirozimiz sizga ochlik olib keladi”, “Dehqonlarsiz oziq-ovqat bo‘lmaydi” kabi shiorlar yozilgan bannerlar traktorlarga ilinganini ko‘rish mumkin.

O‘tgan hafta Fransiya hukumati murosaga kelib, fermerlarni dizel yonilg‘isi subsidiyasidan mahrum qilmasligini e’lon qildi. Bundan tashqari Parij ba’zi ekologik talablarni yumshatishga ham rozi bo‘ldi. Namoyishchilar esa bu yetarli emas, deb hisoblamoqda. Qishloq xo‘jaligi vaziri Mark Fesno Prezident Emmanuel Makron bilan birga YeI ekologik siyosatiga o‘zgarish kiritishga harakat qilayotganini aytgan. Mamlakat Bosh vaziri Gabriel Attal esa Qishloq xo‘jaligi kasaba uyushmalari milliy federatsiyasi va “Yosh fermerlar” tashkiloti rahbarlari bilan uchrashdi, biroq bu muzokara natijasi haqida OAVda hech qanday xabar berilmadi.

Belgiya va Germaniyada ham fermerlar o‘z hukumatlarining qishloq xo‘jaligi siyosatiga norozilik bildirish uchun ba’zi avtomagistrallarni to‘sib qo‘ymoqda. O‘tgan yil dekabr oyidan beri Germaniyada fermerlar namoyishi davom etmoqda. Bir haftalik ommaviy norozilik 15 yanvar kuni Berlinda o‘n ming kishilik miting bilan yakunlandi. Shundan so‘ng ham aksiya qisman davom etdi. Masalan, 28 yanvar kuni bir necha hududda yuzlab fermerlar, Magdeburgda o‘rmon xo‘jaligi xodimlari mitingga chiqishdi. Nemis fermerlari, xuddi fransuz hamkasblari kabi, hukumat subsidiyani qisqartirishidan xavotirda. Byudjetni tejash doirasida 2024 yil nemis fermerlari 70 yildan beri amal qilib kelgan dizel yonilg‘isi chegirmasi va soliq imtiyozidan mahrum bo‘lishi kerak edi. Moliya vazirligi fikricha, bu chora byudjetdan har yili 480 million yevro tejashga yordam beradi. Keyinchalik Berlin o‘z rejasini tuzatishga qaror qildi – imtiyozni to‘liq va bir vaqtning o‘zida emas, balki asta-sekin bekor qilishini bildirdi. Binobarin, fermerlar bu variantdan ham mamnun, deya olmaymiz.

Kenja Bekjonov, O‘zA