Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 iyun kuni mahallalar obodligini ta’minlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda barcha dasturlar mahallalarda amalga oshirilmoqda. Bu tizimga katta vakolat va imkoniyatlar berilmoqda. Ulardagi obodlik, muhit ham shunga yarasha bo‘lishi kerak.

Bugungi kunda yurtimizda 10 mingga yaqin mahalla bor. Shundan qariyb 3 mingtasi ko‘p qavatli uylardan iborat bo‘lib, ularga 821 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Hovli uylar joylashgan 6 ming 400 dan ziyod mahallada esa obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari, asosan, hashar bilan qilinadi.

Shu bois bunday joylarda “Mahalla servis kompaniyasi” tashkil qilish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, bu tashkilotlar mahallalarni obodonlashtirish bilan shug‘ullanadi, ko‘chalar va ariqlar tozaligini ta’minlaydi, ko‘chatlar ekib, parvarishlaydi. Shartnoma asosida kommunal tarmoqlarni ta’mirlash, chiqindilarni saralash va tashish xizmatlarini ham ko‘rsatadi.

Servis kompaniyasi mahalla fuqarolar yig‘ini kengashining qarori asosida salohiyatli tadbirkorlar orasidan tanlab olinadi. Obodonchilik ishlari mahallaning buyurtmasi va nazorati asosida amalga oshiriladi. Servis kompaniyalari xizmatlariga to‘lovlar qilish uchun mahalla fuqarolar yig‘inlariga har oyda 20 million so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, ular aholiga 20 dan ortiq ijtimoiy pulli xizmatlar ko‘rsatishi ham mumkin bo‘ladi.

Umuman, bu tizim natijasida mahallalarga fayz kiradi, odamlarda ozodalik va daxldorlik madaniyati kuchayadi. Mahallada yashovchi ustalar va vaqtincha ishsiz kishilarning bandligi ta’minlanadi.

Taqdimotda servis kompaniyalari avval tajriba tariqasida 208 ta mahallada tashkil etilishi belgilandi. Ushbu tajriba natijasi bo‘yicha keyinchalik barcha mahallalarda joriy qilish taklifi bildirildi.