O‘zbekiston dunyoning 130 dan ziyod mamlakati bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlarda 55 ta diplomatik va konsullik vakolatxonalari mavjud. Mamlakatimiz 100 dan ortiq xalqaro tashkilotlarning a’zosi.
Ochiqlik va do‘stona aloqalarni mustahkamlash siyosatining izchillik bilan davom ettirilishi muhim. Bugun ekspertlar davlatimiz rahbarining boshqa mamlakatlar yetakchilari bilan qator kelishuvlarini nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham xizmat qilayotganini ta’kidlashmoqda.
Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunxiyn Batsetseg Prezident Uxnaagiyn Xurelsuxning O‘zbekistonga tashrifi ikki xalq manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan eng muhim qadam ekanini ta’kidladi.
– Bugungi kun ikki davlat – O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi munosabatni yangi bosqichga olib chiqish uchun juda muhim davr. Shu bois, Prezidentimizning yurtingizga davlat tashrifi hamkorligimizni sezilarli darajada yaxshilashiga ishonaman.
Ikki mamlakat Prezidentlarining uchrashuvi juda sermahsul bo‘ldi. Hozir aloqalarimiz turli jabhalarda rivojlanib bormoqda. Yaqin istiqbolda ko‘plab sohalarda, turli loyihalar ustida yanada samarali hamkorlik qilishimizga ishonchim komil.
Bosh vazirlar, vazirlik va idoralar rahbarlari darajasida o‘tgan boshqa uchrashuvlarda ham sohalar bo‘yicha fikr almashdik. Ayniqsa, qishloq-xo‘jaligi, ta’lim, qurilish kabi yo‘nalishlar muloqotimizning asosiy mavzusiga aylandi. Ikki mamlakat hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi hujjatlar imzolandi.
Do‘stligimiz yuqori bosqichda, biz xalqlarimiz manfaatiga xizmat qiluvchi har qanday ezgu sa’y-harakatni ma’qullaymiz.
Bosh vazir o‘rinbosarlari hukumatlarimiz o‘rtasidagi komissiyaga rahbarlik qiladi. Ular yangi reja, taraqqiyotimizning “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqadilar. Muzokaralar iqtisodiy aloqani mustahkamlash, ta’lim va madaniyat sohalarida yuqori natijaga erishishga mustahkam zamin yaratadi. Ta’kidlash joiz, bunday tashriflar xalqlar o‘rasidagi hamjihatlikka xizmat qiladi va manfaatli hamkorlik uchun yangi imkoniyat ochadi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA