Futbol

Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi –  “IFFHS” 2023 yil yakuni bo‘yicha jahonning eng kuchli jamoalar reytingini e’lon qildi. Ushbu ro‘yxatni tuzishda jamoalarning 2023 yil 1 yanvardan 31 dekabrgacha bo‘lgan muddatda qayd etgan ko‘rsatkichlari asos qilib olindi.

Unga ko‘ra, o‘tgan yili Angliya chempionligi, mamlakat kubogi va Yevropa chempionlar ligasida g‘olib chiqib, trebl qayd etgan “Manchester Siti” dunyoning eng kuchli jamoasi sifatida qayd etildi. Kuchli uchlikdan Madridning “Real” va Milanning “Inter” jamoalari ham joy oldi.

Biz uchun ahamiyatli jihati shundaki, O‘zbekiston klublari o‘rtasida yetakchilik “Nasaf” klubiga nasib qildi. Qarshi shahri jamoasi yangi reytingda o‘n pog‘ona ko‘tarilib, umumiy reytingning 204-pog‘onasidan o‘rin egalladi. Namanganning “Navbahor” klubi esa reytingda 209, mamlakatimizning amaldagi chempioni 377-qatorga joylashdi.

Dzyudo  

Parij shahrida dzyudo bo‘yicha “Katta Dubulg‘a” turniri 2-4 fevral kunlari o‘tkazilishidan xabaringiz bor. Unda dunyoning 111 mamlakatidan 667 nafar sportchi ishtirok etadi.

O‘zbekiston terma jamoasi esa musobaqada quyidagi tarkibda ishtirok etadi:

Erkaklar:

-60 kg: Doston Ro‘ziyev

-66 kg: Muxriddin Tilovov

-73 kg: Murodjon Yo‘ldoshev

-73 kg: Shahram Ahadov

-81 kg: Muso Sobirov

-81 kg: Sharofiddin Boltaboyev

-90 kg: Davlat Bobonov

-100 kg: Muzaffarbek To‘raboyev

+100 kg: Alisher Yusupov

Ayollar:

-48 kg: Halima Qurbonova

-52 kg: Sita Qadamboyeva

-57 kg: Shukurjon Aminova

-57 kg: Nilufar Ermaganbetova

-63 kg: Sevinch Isoqova

-70 kg: Shohista Nazarova

-70 kg: Gulnoza Matniyozova

-78 kg: Irisxon Qurbonboyeva

+78 kg: Rinata Ilmatova.

Qilichbozlik  

Qatarning Doha shahrida qilichbozlikning shpaga yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro Gran-pri musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur nufuzli turnirda O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolaridan Javohirbek Nurmatov, Nodirbek Mo‘minov ishtirok etmoqda. Ularga milliy terma jamoaning shpaga bo‘yicha murabbiyi Ruslan Kudayev hamrohlik qilmoqda.

Og‘ir atletika  

Joriy yilning 1–10 fevral kunlari poytaxtimizda og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Mazkur chempionatda “Parij-2024” Olimpiadasining reyting ochkolari o‘ynaladi. Chempionatni har jihatdan yuqori saviyada tashkil etish borasida Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi va tegishli tashkilotlar tomonidan keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Suv sporti  

Samarqandda suv polosi bo‘yicha 2010-2012 yillarda tavallud topgan va undan kichik yoshdagi sportchilar o‘rtasida viloyat birinchiligi o‘tkazildi. Unda “Yoshlik” jamoasi musobaqa g‘olibi bo‘ldi. “Burgut” va “Qaldirg‘och” jamoalari esa ikkinchi hamda uchinchi o‘rindan joy oldi.

Taekvondo  

Taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston kadetlar va o‘smirlar terma jamoalari assotsiatsiya bazasida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. Mazkur o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida murabbiylar shtabi sportchilarning mahoratini tekshirish maqsadida sparring bellashuvlarini tashkil etmoqda. Yig‘in joriy yilning 9-14 fevral kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkaziladigan “Turkish open – 2024” musobaqasi uchun tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA