“Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati tomonidan o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar hamda joriy yilgi vazifalar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Qoraqalpog‘iston Respubliasida joriy yil 1 yanvar holatiga 1 million 994 ming nafardan ortiq aholi bo‘lib, shundan 1 million 444 ming nafari markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlangan. Bu esa aholining 72,4 foizini tashkil etadi. Shuningdek, oqova suv bilan ta’minlanganlik darajasi  5,4 foizdan iborat.

Ichimlik suv tarmoqlarining uzunligi 7608,1, oqova suv tarmoqlarining uzunligi 218,9 kilometrdan iborat. Hudud aholisini ichimlik suv bilan ta’minlovchi 3 ta yirik suv tozalash inshooti bo‘lib, birinchisi “Tuyamo‘yin” suv tozalash inshooti (quvvati sutkasiga 100 ming kub) Amudaryoning o‘ng sohilidagi  To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a, Amudaryo,  Nukus, Kegeyli, Chimboy, Qorao‘zak, Taxtako‘pir tumanlari hamda Nukus shahriga uzunligi  356 kilometr, D=1020-1420mm. bo‘lgan “Tuyamo‘yin-Nukus-Taxtako‘pir” suv quvurlari orqali suv yetkazib beradi. Ushbu inshootdan soatiga 4100 kilovatlik va soatiga  3600 m3.lik  6 ta nasos orqali ichimlik suv yetkaziladi.

Ikkinchisi “Taxiatosh” suv tozalash va uzatish inshooti (quvvati sutkasiga 60 ming kub) Amudaryoning chap sohilidagi Taxiatosh, Xo‘jayli, Shumanay, Qonliko‘l, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlariga uzunligi 197,6 kilometrlik, D=1000-600-500-450-355 millimetrlik suv quvuri orqali suv yetkazib beradi.

Uchinchisi “Nukus” suv tozalash va uzatish inshooti (quvvati sutkasiga 65 ming kub) Nukus shahrini toza ichimlik suvi bilan ta’minlaydi.

Bundan tashqari, har bir shahar va tuman markazlariga, qishloq aholi punktlari xalqiga ochiq suv havzalari va yer osti suv manbalaridan 305 ta joydagi suv inshooti orqali ichimlik suvi yetkazib beriladi.

“Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatida “1051” qisqa telefon raqami orqali 24 soatlik avariya-tiklash dispetcherlik xizmati faoliyat olib bormoqda. Kelib tushgan murojaatlarni o‘z vaqtida hal etish va avariya holatlarini sifatli bartaraf etish maqsadida 76 nafar mutaxassisdan iborat  19 ta brigada tashkil etilgan bo‘lib, 47 ta maxsus texnika biriktirilgan.

Aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi sifati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi bilan kelishilgan jadval asosida shahar va tuman laboratoriyalarida ichimlik suvi namunalari olinib, kimyoviy va bakteriologik tahlillar asosida O‘zbekiston Respublikasi Davlat standarti O’zDst 950:2011 “ichimlik suvi” talabiga javob berishi muntazam tekshirib boriladi.

Tadbirda aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvining tannarxi yuqori ekanligi, insoniyat uchun eng muhim va zarur bo‘lgan suvni tejash kerakligi, uning qadriga yetish, bu borada aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish zarurligi qayd etildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar bu borada o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA