Bugun, 29 yanvar kuni boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Toshkent viloyatidagi “Yangiobod” o‘quv bazasidagi mashg‘ulotlarni yakunlab, “Parij-2024” Olimpiadasiga tayyorgarlikning muhim musobaqalaridan birida ishtirok etish uchun Ispaniyaga yo‘l oldi.

Ispaniyaning La Nusiya shahrida o‘tkaziladigan “Boxam“ xalqaro turnirida yurtimiz sharafini Ruslan Abdullayev, Mujibillo Tursunov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Havasbek Asadullayev, To‘rabek Habibullayev, Jasurbek Yo‘ldoshev, Lazizbek Mullajonov va Shohjahon Abdullayev himoya qiladi.

Terma jamoa bosh murabbiyi To‘lqin Qilichevning bildirishicha, aynan ushbu turnir joriy yilning 4-11 mart kunlari Italiyada “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma taqdim etadigan musobaqa oldidan so‘nggi turnir hisoblanadi.

“Boxam“ xalqaro turniri janglari 30 yanvar-4 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda dunyoning 50 dan ziyod mamlakatidan bokschilar ishtirok etishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bugungacha yurtimiz bokschilaridan Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov va Abdumalik Xalakov “Parij-2024” Olimpiadasining yo‘llanmalarini qo‘lga kiritgan.

T. Ro‘ziyev, O‘zA