Bugun, 28 yanvar kuni Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida o‘tayotgan “Tata Steel Chess-2024″ xalqaro turnirida eng kuchlilar nomi ma’lum bo‘ladi.

86-bor tashkil etilayotgan turnirning so‘nggi 13-turida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov Germaniya sharafini himoya qilayotgan Aleksandr Donchenko bilan kuch sinashadi.

Ushbu turda Praggnanandhaa —Alireza Firuzja, Parxam Magsudlu — Dommaraju Gukesh, Vey — Santosh Gujrat Vidit, Din Lijen — Szyuy Venszyun, Anish Giri — Varmerdam va Yan Nepomnyashiy — Jordan Van Forest nufuzli musobaqaning oxirgi bellashuvlarida saf tortadi.

Kecha o‘tkazilgan 12-turda Nodirbek qora donalarda hindistonlik Santosh Gujrat Vidit bilan bahslashdi.

Hind grossmeysteri o‘yin avvalida himoyadan hujumkor vaziyatni vujudga keltirishga intilgan Abdusattorovni qiyin holatga keltirdi. Oqibatda o‘yinning 77-yurish ostonasida oq donalarda o‘yin olib borgan Santoshning kichik ustunlikka erishishini ta’minladi.

Ushbu turda shuningdek, Alireza Firuzja – Yan Nepomnyashiy 1:0, Jordan Van Forest – Anish Giri 0:1, Varmerdam – Din Lijen 0:1, Szyuy Venszyun – Vey 0:1, Aleksandr Donchenko – Parxam Magsudlu 0,5:0,5, Dommaraju Gukesh – Praggnanandhaa 0,5:0,5 hisoblari qayd etildi.

Ortda qolgan 12-turdan keyin “Masters” guruhida peshqadamlikka 7,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan Abdusattorov singari Santosh Gujrat Vidit, Anish Giri, Vey va Dommaraju Gukesh ega bo‘lib oldi.

Aytib o‘tganimizdek, bugun o‘tkaziladigan 13-tur kurashlari “Tata Steel Chess-2024″ning g‘olib va sovrindorlari nomini aniqlab beradi.

O‘tgan yili mazkur musobaqada 2-o‘rinni egallagan Abdusattorovga bu gal g‘oliblik nasib etishini istagan holda 1-o‘ringa da’vogarlik qilayotgan Santosh Gujratning Vey bilan, Anish Girining Varmerdam bilan, Dommaraju Gukeshning Parxam Magsudlu bilan ro‘baro‘ kelayotgani ularning ham yetakchilikka imkoniyatlari yetarli ekanligini ko‘rsatmoqda.

T. Ro‘ziyev, O‘zA