Xabaringiz bor, 2024 yil to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi hisoblangan Olimpiya yili sanaladi.

Xo‘sh, Parij-2024 Olimpiya va Paralimpiya yili nomi bilan kirib kelgan joriy sport mavsumida mamlakatimizda qanday yirik sport tadbirlari o‘tkaziladi? Ularning soni qanchani tashkil etadi-yu eng nufuzlilari aynan qaysi oylarda, qanday sport turlari bo‘yicha bo‘lib o‘tadi?

Sport vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, joriy yil davomida yurtimizda olimpiya sport turlari bo‘yicha 82 ta xalqaro musobaqa va sport tadbirlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Xalqaro musobaqalar mundarijasiga e’tibor qaratsak, boks –2 ta, voleybol – 9 ta, velosport  – 3 ta, gimnastika sport turlari – 6 ta, dzyudo   – 2 ta, yengil atletika  – 7 ta, ot sport turlari  –10 ta, kamondan otish –2 ta, regbi  – 3 ta, sport kurashlari –  3 ta, tennis   –18 ta, trampolin –  2 ta, futbol  –  3 ta, baydarka va kanoeda eshkak eshish  – 2 ta, qilichbozlik  – 5 ta, zamonaviy beshkurash  – 3 tani, og‘ir atletika va taekvondo WTda esa 1 tadan iborat bo‘lmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, 2024 yil davomida mamlakatimiz olimpiya sport turlarining 18 tasi bo‘yicha turli nufuzga ega musobaqalarga mezbonlik qiladi.

Mazkur xalqaro musobaqalarda yaqin va yiroq xorijiy davlatlarning terma jamoalari ishtirok etishini nazarda tutsak, yil davomida yurtimizda sport turizmi o‘ziga xos o‘sishga erishishi ehtimoldan yiroqmasligi anglashiladi.

Xo‘sh, ushbu o‘tkaziladigan 82 ta xalqaro sport tadbirlari orasida jahon va qit’a sport jamoatchiligi, qolaversa mamlakatimiz sport ixlosmandlarining e’tibor markazida bo‘ladiganlari qaysilari hisoblanadi?

Albatta, har bir sport turining mundarijasidan kelib chiqadigan bo‘lsak, hammasi ham o‘z muxlislariga egaligi tabiiy xol. Ammo ular orasida joriy yilning 1-10 fevral kunlari Toshkentda og‘ir atletika bo‘yicha Parij-2024 Olimpiadasining reyting ochkolari o‘ynaladigan Osiyo chempionati, dzyudo bo‘yicha mart oyida bo‘ladigan “Katta dubulg‘a” turniri, aprel oyida 20 yoshgacha bo‘lgan ayollar o‘rtasida futbol bo‘yicha Osiyo kubogi, sentyabr-oktyabr oylarida futzal bo‘yicha Jahon chempionati, taekvondo WT bo‘yicha “G2” darajasidagi “Uzbekistan Open” xalqaro turniri, voleybol bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Buyuk Ipak yo‘li” xalqaro turniri, trampolin bo‘yicha may oyida Samarqand tashkil etiladigan jahon kubogi musobaqalari dunyo sport jamoatchiligini yurtimizga qaratadigan eng sara musobaqalar sirasiga kiradi.

Bundan tashqari, milliy sportimiz kurash bo‘yicha Buxoroda o‘tkazilishi kutilayotgan qit’a chempionati qadriyatlarimiz targ‘ibotida muhimligi bilan ajralib tursa, shaxmat, professional boks, belbog‘li kurash, etno sport turlari yo‘nalishlaridagi chempionat va reyting janglari, qiziqarli bellashuvlar O‘zbek sportining yangilanayotgan qiyofasini namoyish etishi bilan ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

 

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA.