Joriy yilning 26 iyul-11 avgust kunlari Fransiya poytaxtida o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlari keyingi to‘rt yillikning eng muhim sport tadbiri hisoblanadi.

Uning shukuhi, ko‘lami, ahamiyati shu qadar kengki, bugungi kunda mazkur kompleks musobaqalarda ishtirok etish, uning bir qismi bo‘lishga erishish borasida dunyo mamlakatlarining sport tuzilmalarida o‘ziga xos sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

Bu borada O‘zbekiston sport jamoalarida, alohida sport yo‘nalishlarida yangicha qadamlar tashlanayotgani e’tiborli kechayotganini ta’kidlash lozim.

Tan olish kerak, o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz vakillari asosan sport bellashuvlarida, ayrim holatlarda musobaqalarni boshqarib boradigan hakamlar tarkibida yurtimizning 1-2 nafargina vakillari ishtirok etgan bo‘lsa, joriy yilgi o‘yinlar tizimining antidoping yo‘nalishida yurtimiz vakilining nazorat ishlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgani alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Keyingi yillarda mamlakatimizda sportchilarni, sport jamoalarini dopingdan himoya qilish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi, pirovardida 2018 yili alohida tuzilma sifatida O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi tashkil etilib, Butunjahon antidoping agentligi (WADA)ning to‘laqonli a’zoligiga erishishi mamlakatimiz sport hayotida yangi yo‘nalish ochilganidan dalolat berdi.

O‘tgan yillar davomida antidoping yo‘nalishida xalqaro aloqalarni mustahkamlash, o‘zbek mutaxassislarining jahon sport maydonlaridagi sa’y-harakatida samaradorlikni ta’minlash borasida olib borilgan ishlar natijasida mutaxassislarimiz WADA ning xalqaro doping ofitserlarni o‘qitish va malakasini oshirish markazida tahsil olish asnosida xalqaro toifadagi doping ofitserlari maqomini qo‘lga kiritgani o‘ziga xos voqea bo‘ldi.

“Parij-2024” Olimpiya va paralimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi tomonidan doping nazorati ofitserlarini saralab olish uchun e’lon qilingan tanlov asosida 600 dan ortiq nomzod orasida o‘zbekistonlik Azamjon Soliyev ham “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarida doping nazorati ofitseri sifatida ishtirok etish huquqiga ega chiqdi.

XXXIII yozgi Olimpiya va XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida doping ofitseri bo‘lib ish olib borish huquqiga ega chiqqan Azamjon Soliyev bilan o‘tkazgan suhbatimiz to‘rt yillik o‘yinlarning tafsilotlari, Olimpiya o‘yinlarida qo‘llaniladigan terapevtik istisnolar xususida kechdi.

Yosh va intiluvchan mutaxassisning yapon va ingliz tillarini o‘rganish jarayoni, sportda taqiqlangan modalardan himoyalanish omillari, sport tibbiyoti, yosh bolalarni sport turlariga yo‘naltirishda tibbiyotning o‘rni, mamlakatimizda antidoping ishlarining holati muloqotning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Suhbatning to‘liq tafsilotlari bilan O‘zAning Youtube kanali orqali tanishishingiz mumkin.

To‘lqin Ro‘ziyev, Abror Sodiqov (video), O‘zA