Qatar mezbonlik qilayotgan futbol bo‘yicha Osiyo kubogining guruh bosqichida 3-tur uchrashuvlari davom etmoqda.

Musobaqaning “S” guruhida Eron va BAA terma jamoalari o‘rtasidagi bahs 2:1 hisobida yakunlangan bo‘lsa, ikkinchi uchrashuvda Falastin nimchorak final yo‘llanmasi uchun Gonkong bilan raqobatlashdi va 3:0 hisobida zafar quchdi. Ushbu natijadan so‘ng, guruhda Eron 9 ochko bilan pley-offga yo‘l oldi. BAA hamda Falastin 4 ochko jamg‘arib, to‘plar nisbatiga ko‘ra, ikkinchi va uchinchi o‘rindan joy oldi. Gonkong terma jamoasi uch mag‘lubiyatdan so‘ng jadvalning 4 pog‘onasida qoldi.

Mazkur guruhda BAA ikkinchi o‘rin bilan, Falastin esa eng yaxshi natija qayd etgan uchinchi pog‘onadan joy olgan jamoa sifatida 1/8 finalga chiqdi.

Hozirda Qatar, O‘zbekiston, Avstraliya, BAA, Tojikiston, Suriya, Falastin, Eron, Iroq, Saudiya Arabistoni terma jamoalari nimchorak finalga yo‘l oldi. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, kubokda hali guruh bosqichining 3-tur o‘yinlari davom etmoqda. Ayrim guruhlarda qaysi terma jamoalar va qanday o‘rinda chiqishi aniqlanmagan. Shuningdek, yana ikki jamoa eng yaxshi natija qayd etgan uchinchi o‘rin egasi sifatida plef-offga yo‘l oladi.

Kuni kecha “S” guruhidagi bahslari yakunidan so‘ng Osiyo kubogida nimchorak finalning dastlabki juftliklari aniqlandi. Unga ko‘ra, Tojikiston terma jamoasi BAA bilan 28 yanvar kuni o‘ynaydigan bo‘ldi. “B” guruhida uchinchi o‘rin bilan chiqqan Suriya esa 31 yanvar kuni Eronga qarshi maydonga tushadi.

Bugun “D” guruhida Yaponiya – Indoneziya, Iroq – Vetnam terma jamoalari 3-tur uchrashuvlarini o‘tkazadi.  Bu o‘yinlar Toshkent vaqti bilan 16:30 da boshlanadi.

Mazkur guruhda Iroq ikki turdagi g‘alabadan so‘ng 6 ochko bilan birinchi o‘rinda bormoqda. Yaponiya va Indoneziyada bir xil 3 ochko mavjud bo‘lib, to‘plar nisbatiga ko‘ra, “samuraylar” ikkinchi o‘rinda turibdi. Vetnam hali ochko jamg‘ara olmadi.

Endi O‘zbekiston terma jamoasi haqida ikki og‘iz. Kuni kecha Osiyo kubogining 3-turida futbolchilarimiz Avctraliya bilan 1:1 hisobida durang o‘ynab, pley-offga yo‘l olgani haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston terma jamoasining qayd etgan natijasi FIFA reytingida 1362,80 ochko bilan 67-o‘ringa ko‘tarilib olishiga xizmat qildi.  Shuningdek, terma jamoamizning mag‘lubiyatsiz seriyasi 10 taga yetdi. Srechko Katanets shogirdlari so‘nggi marta AQSHga qarshi uchrashuvda mag‘lubiyatga uchragan edi. O‘shandan beri termamiz 10 ta bellashuvning 6 tasida g‘alaba qozongan va qolgan 4 bahsda durang o‘ynagan.

Kechagi uchrashuvda hamyurtimiz Igor Sergeyev 63-daqiqada zaxiradan maydonga tushdi va 84-daqiqada jarohat olib maydonni tark etdi. Afsuski, Igorning tizzasi old xochsimon mushaklari jiddiy jarohatlanib, yaqin vaqtda jarrohlik stoliga yotadi hamda kamida 6 oy mobaynida maydonga tusha olmaydi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA